O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlar Xalqaro reytinglarda baholanmoqda
2022-05-07 | Jamiyat
Toshkentda ana’anaviy Uchinchi xalqaro reyting forumi bo‘lib o‘tdi.
Mazkur anjuman O‘zbekiston mavqeining mamlakatimizda amalga oshirilayotgan iqtisodiy islohotlar natijalari orqali jahon reytinglarida aks etishi masalasiga bag‘ishlandi.
Forum ishida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati raisi, O‘zbekistonda Xalqaro reyting va indekslar bilan ishlash bo‘yicha Respublika kengashi rahbari Tanzila Norboyeva, BMTning O‘zbekistondagi doimiy koordinatori Roli Astxana, mamlakatimiz moliya vaziri Temur Ishmetov, adliya vaziri Ruslanbek Davletov, AQSHdagi Pensilvaniya davlat universiteti professori doktor Temirlan Moldogaziyev ishtirok etdi.
Tadbirni BMT Taraqqiyot Dasturining O‘zbekistondagi doimiy vakili Matilda Dimovska olib bordi.
Ta’kidlash joiz, 2016-yilda Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan mamlakatimizda keng qamrovli islohotlar amalga oshirila boshlandi. Taraqqiyot strategiyasi qabul qilindi va “Yo‘l xaritasi” belgilandi. Bundan ko‘zlangan maqsad inson huquqlarini ta’minlash, davlatni ijtimoiy-iqtisodiy yuksaltirish, xalqaro maydonda yurtimiz nufuzini yanada oshirishdan iborat. Ayni yo‘nalishdagi sa’y-harakatlar natijasida O‘zbekiston paxtasiga e’lon qilingan 13 yillik boykot bekor qilindi. Jamiyatda xotin-qizlarning o‘rni mustahkamlanmoqda. Ayni payt parlamentimizda ayollar 32 foizni tashkil etayotgani ham mamlakatimizda gender tengligini ta’minlash yo‘lida sezilarli ishlar olib borilayotganidan dalolat.
Aslida, mazkur islohotlar xalqaro reytinglarda yuqori o‘rinlarni egallashga qaratilgani yo‘q, balki xalqimiz hayotini yaxshilash, turmush-farovonligi oshirish, yosh avlod uchun munosib hayot sharoitini yaratib berishdan iborat. Prezidentimiz tomonidan 2022-yilga“Inson qadrini ulug‘lash va faol mahalla yili” deya nom berilishi ham aynan ushbu ezgu maqsad bilan bog‘liq.
Shunday bo‘lsa-da, ijtimoiy-iqtisodiy ahvol xalqaro reyting orqali baholanishi har qanday davlatning xalqaro maydondagi nufuziga bevosita ta’sir ko‘rsatadi. Investitsiya hajmi oshishi yoki kamayishi aynan xalqaro reytinglardagi mavqega qarab belgilanadi. Qolaversa, muayyan mamlakat shunga qarab rivojlanish strategiyasini qayta ko‘rib chiqishi, kelgusi rejalarini belgilab borishi ham tabiiy holat. Shu bois O‘zbekistonda ham so‘nggi yillarda xalqaro reytinglardan yuqori o‘rin olish uchun hukumat darajasida sa’y-harakatlar olib borilmoqda.
Forum atrof-muhit muammolari, raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish istiqboli, ijtimoiy xabardorlik, islohotlar kun tartibidagi iqtisodiy muammolar, qonun ustuvorligi va korrupsiyaga qarshi kurash masalalariga bag‘ishlangan sessiyalarda davom etdi. Mutaxassislar, iqtisodchilar hamda davlat idoralari vakillari ishtirokida har bir sohada hukumat tomonidan ilgari surilayotgan tashabbuslarga alohida to‘xtalib o‘tildi, duch kelinayotgan muammolar haqida so‘z yuritildi va mavjud masalalarni hal etish yo‘llari taklif etildi.
Tadbir savol-javob, munozaralar bilan kechdi. Ishtirokchilar o‘zlarini qiziqtirgan masalalarda ma’ruzachilarga savollar berdi.
Ekologiya sessiyasida jamiyat iqtisodiy inqiroz, urush yoki boshqa ijtimoiy muammoga duch kelganda atrof-muhit masalasi dolzarb ahamiyat kasb etishi ta’kidlandi. Raqamli iqtisodiyot sessiyasida muammo va imkoniyat haqida so‘z bordi. Raqamlashtirish inson hayoti va faoliyatining barcha sohalarida tub o‘zgarishlarni ta’minlaydi, degan fikrga kelindi.
bugungi kunda jamiyatimizda yuzaga kelayotgan muammolarni qamrab olgan “Ijtimoiy xabardorlik orqali yangi imkoniyatlar yaratish” mavzusi anjuman doirasidagi eng mazmunli sessiyalardan biri bo‘ldi.
“Islohotlar kun tartibidagi iqtisodiy muammolar” mavzusidagi munozarada yanada yaxshiroq sarmoyaviy va ishbilarmonlik muhitini, samarali bozor mexanizmini yaratishi uchun O‘zbekiston kelgusida ham izchil sa’y-harakatni davom ettirishi zarurligi aytib o‘tildi.
Umuman, mamlakatimizda olib borilayotgan iqtisodiy islohotlar so‘nggi yillarda o‘z natijalarini yaqqol namoyon qilmoqda. Valyuta bozorini liberallashtirish, debyut yevroobligatsiyalar chiqarish, davlat aktivlarini xususiylashtirish, ma’muriy to‘siqlarni bartaraf etish, soliq islohotini amalga oshirish va biznes yuritish uchun bir qator xarajatlarni kamaytirish shular jumlasidan.
Tadbir davomida ekspertlar, davlat idoralari vakillari respublikamiz ravnaqi uchun bevosita daxldorlik tuyg‘usini namoyon etdilar.
Bir so‘z bilan aytganda forum mahalliy va xorijiy rasmiylar iqtisodiyot sohasi bo‘yicha atroflicha fikr almashishi uchun keng maydon vazifasini o‘tadi. Bundan tashqari davlat va xususiy sektor ob’ektlari, yetakchi xalqaro tashkilotlar va ilmiy muassasalarni sinchkovlik bilan birlashtirish, muvozanatlashtirish imkonini yaratdi.
Saidmurod RAHIMOV
Manba: O'zA