O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Gonkong korrupsiyaga qarshi kurashish boʻyicha mustaqil komissiyasi vakillari bilan oʻzaro istiqbolli hamkorlik masalalari muhokama qilindi
2022-05-07 | Siyosat
BMT Taraqqiyot dasturining Singapurdagi Global dasturi va Oʻzbekistondagi vakolatxonasi ekspertlari koʻmagida Agentlik rahbariyati hamda Gongong Korrupsiyaga qarshi kurashish boʻyicha mustaqil komissiyasi vakillari oʻrtasida onlayn uchrashuv tashkil qilindi.
Uchrashuvda dastlab Agentlik direktorining oʻrinbosari U.Tuxtasheva Agentlikning faoliyat yoʻnalishlari, maqsad-vazifalari hamda amalga oshirilayotgan loyihalar borasida atroflicha maʼlumot berib oʻtdi.
Shundan soʻng Korrupsiyaga qarshi kurash boʻyicha mustaqil komissiyaning Xalqaro hamkorlik masalalari departamenti direktori Lourens Chung Gonkongda korrupsiyaga qarshi kurashish tizimi, mamlakatda korrupsiyani keng miqyosda bartaraf etish natijasida amalga oshirilgan muhim islohotlar, sohada davlat idoralari faoliyatini muvofiqlashtirish jarayonlari xususida taqdimot qildi.
Maʼlumot uchun: 1970-yillardan boshlab, Gonkongda korrupsiyaga qarshi kurashish boʻyicha keng koʻlamli islohotlar amalga oshirildi va natijada korrupsiyaning turli koʻrinishlari keskin kamayishiga, kuchli davlat idoralari va faol fuqarolik jamiyati institutlari vujudga kelishiga erishildi. Jumladan, mamlakatning Mustaqil komissiyasi butun dunyo boʻylab korrupsiyaga qarshi kurashishga ixtisoslashgan koʻplab organlar uchun namuna boʻldi. Shuningdek, fuqarolik jamiyati institutlarining korrupsiyaga qarshi kurashishdagi oʻrni, davlat xizmatchilarini korrupsiyaga qarshi oʻqitish, ularning bu boradagi bilimlarini baholash tizimi va monitoringi kabi masalalar ham oʻzaro muloqotning asosiy mavzusi boʻldi. Bundan tashqari, Komissiyaning tashkiliy-huquqiy tuzilishi haqida batafsil maʼlumot taqdim etilib, jumladan, huquqni muhofaza qilish, prevensiya, taʼlim va xalqaro hamkorlik yoʻnalishlarida alohida departamentlar faoliyat olib borishi va birgina taʼlim yoʻnalishida 150 nafar xodim ishlashi taʼkidlandi.
Uchrashuvda uzoq muddatli oʻzaro hamkorlikni samarali davom ettirishni taʼminlash maqsadida birgalikda amalga oshiriladigan rejalar, maqsad va vazifalar muhokama etildi.
Jumladan, vakillarimiz tomonidan Agentlik xodimlari uchun Korrupsiyaga qarshi kurashish boʻyicha mustaqil komissiyaning ilgʻor tajribasi, xususan, manfaatlar toʻqnashuvi, davlat xizmatida halollikni taʼminlash yoʻnalishlaridagi faoliyati yuzasidan trening tashkil etish taklifi ilgari surildi.
Shu kabi jamoatchilik bilan aloqalar tizimi, davlat organlari faoliyatining ochiqligi hamda davlat idoralari faoliyati ustidan jamoatchilik nazoratini taʼminlash, fuqarolik jamiyati institutlari bilan oʻzaro hamkorlik mexanizmlari boʻyicha ham loyihalarni amalga oshirish har tomonlama foydali va ahamiyatli ekanligi bildirildi.
Oʻz navbatida, mazkur takliflar gonkonglik mutaxassislar tomonidan ham qoʻllab-quvvatlandi.
Muloqot yakunida yaqin istiqbolda ilgʻor tajriba almashish maqsadida aniq soha va yoʻnalishlar boʻyicha ikki idora vakillari uchun treninglar tashkil etish, mazkur amaliyotga BMT TD ekspertlarini ham jalb etish yuzasidan kelishuvga erishildi.