O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Xivada “Lazgi” xalqaro festivali yakunlandi, g’oliblar e’lon qilindi
2022-04-30 | Madaniyat
25-30-aprel kunlari Xivada ilk bor o‘tkazilgan “Lazgi” xalqaro raqs festivali yakunlanib, raqs tanlovining g‘oliblari aniqlandi.
Ushbu rang-barang tadbir UNESCOning O‘zbekistondagi vakolatxonasi, Turizm va madaniy meros vazirligi Madaniyat vazirligi hamda Xorazm viloyati hokimligi hamkorligida tashkil etildi. Tadbir doirasida raqs san’atiga bag‘ishlangan pavilyonlar tashkil etilib, cholg‘u asboblari, liboslar namoyishi bo‘lib o‘tdi.
Festivalda 30 davlatdan 190 dan ortiq raqs san’ati ustalari va ixlosmandlari, professional raqs jamoalari, san’atshunos olimlar, taniqli madaniyat arboblari ishtirok etdi.
Festival doirasida o‘tkazilgan raqs tanlovida 18 davlatdan 169 nafar ishtirokchi qatnashdi. Tanlov ishtirokchilari olti nafar professional ekspertdan iborat xalqaro hakamlar hay’ati tomonidan baholanadi.
Tanlov g’oliblari:
III o‘rin: Serbiyaning “Sveti Dordi”, Misrning “Tanura” ansambllari hamda Qirg‘izistonning “Shattik”, Turkiyaning “Inegal” raqs jamoalari.
Yakka tartibdagi raqqoslar orasidan hakamlar hay’ati Rossiya vakilalari Kristina Kovrova va Nikita Gruzdevaya hamda ispaniyalik Nereya Fernandesni tanladi.
II o‘rin: O‘zbekiston davlat filarmoniyasining “Navbahor” ansambli va Fikrat Aminov nomidagi ashula va raqs ansambli (Ozarbayjon).
Eng yaxshi ssenografiya uchun ikkinchi o‘rinni “Zebo” (Tojikiston) ansambli va “O‘zbekiston” raqs ansambli egalladi.
Yakka tartibdagi raqqoslar toifasidan Nita Misra (Hindiston) va Feruza Axatova (O‘zbekiston) ikkinchi o‘rinni egalladi.
I oʻrin: “Tumor” ansambli (Oʻzbekiston).
Ushbu nominatsiya bo‘yicha eng yaxshi sahna ko‘rinishi Bolgariyaning “Pirin” raqs ansambliga topshirildi.
Yakka tartibdagi ijrochilar o‘rtasida birinchi o‘rinni qozog‘istonlik Gulnur Qosimbek va o‘zbekistonlik raqqos Sherzod Kenjaboyev egalladi.
Musobaqaning Gran-prisi – hamyurtimiz Dilnoza Ortiqovaga nasib etdi.
Ma’lumot uchun, “Lazgi” xalqaro raqs festivali Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan 2020-yil 28-sentabrda imzolangan qarorga ko‘ra Xivada har ikki yilda bir marta o‘tkaziladi.
Manba: O‘zbekiston Respublikasi Turizm va madaniy meros vazirligi