O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Xorazm viloyatida amalga oshirilgan ishlar va yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar tahlil qilinmoqda
2022-04-29 | Xavfsizlik sohasi
Prezidentimiz tashabbusi bilan, mehnat faxriylarining mahallalarda tinchlik va osoyishtalikni taʼminlash, ijtimoiy-maʼnaviy muhitni sog‘lomlashtirishdagi ishtirokini kengaytirish, mahallalarda «Bir nuroniy o‘n yoshga masʼul» tamoyilini qaror toptirishda tashabbuskorlik ko‘rsatayotgan ijtimoiy faol nuroniylarni moddiy va maʼnaviy qo‘llab-quvvatlash vazifalar belgilangan edi.
Mahalla faollari safiga nuroniy va mehnat faxriylari biriktirilishi natijasida nizoli oilalar va ajrimlar soni kamayishiga erishilmoqda.
Respublika ishchi guruhining viloyatdagi o‘rganishlari jarayonida nuroniy va mehnat faxriylarining katta hayotiy tajribasini hisobga olgan holda, ularni jamiyatdagi faolligini oshirishga katta eʼtibor qaratilmoqda.
Ishchi guruh masʼullari o‘rganish ishlarining ikkinchi kunini Xazorasp tumani “Shovot” mahallasi nuroniylari bilan uchrashishdan boshladi. Nuroniy otaxon va onaxonlar qo‘llarini duoga ochib, yurtimiz tinchligi bundanda mustahkam, Prezidentimizning xalq farovonligi yo‘lida olib borayotgan siyosatlari bardavom bo‘lishini yaratgan so‘radilar. Nuroniylar bilan dildan suhbat qurilib, ularga esdalik sovg‘alar ulashildi.
Sektor rahbarlari hamda mazkur mahallada faoliyat olib borayotgan profilaktika inspektori, yoshlar yetakchisi, oqsoqollar va hokim yordamchilarining jinoyatchilikni “mahallabay” jilovlashdagi o‘zaro hamkorligi va aholini qiynayotgan masalalarni hal etish bo‘yicha amaliyoti o‘rganildi.
Jumladan, avval “Ayollar daftariga” kiritilgan L.Matyakubovaning xonadonida sektor rahbari tashabbusi bilan 33 million so‘m imtiyozli bank krediti asosida 4 sotix tashlandiq yer maydonida tashkil etilgan gulchilikka ixtisoslashgan issiqxona faoliyati bilan tanishildi.
Shundan so‘ng Xazorasp tumani “Bog‘dor” MFY da joylashgan 5-son huquq-tartibot maskani faoliyati bilan yaqindan tanishildi. Maskanda ichki ishlar organlari, Milliy gvardiya va jamoatchilik vakillarining hamkorlikdagi faoliyati va yaratilgan sharoitlar ko‘zdan kechirildi. Shuningdek, mahalla hududidagi 3 ta ulgurji bozorlarga o‘rnatilgan shaxsni yuzidan tanib oluvchi 122 ta “smart” videokameralari integratsiya qilgan “Vaziyatlar markazi”ning ishlash jarayoni tanishtirildi.
Ishchi guruh masʼullari tomonidan, sektor rahbarlariga aholi muammolarini aniqlash va bartaraf etish, mahalla hududida sayyor qabullar tashkil etish haqida ko‘rsatma va topshiriqlar berildi.
Keyingi manzil Bog‘ot tumanidagi “Qalʼajiq qalʼa” mahallasi bo‘ldi. Ushbu mahallada nuroniylar va mehnat faxriylari bilan uchrashib, ularga davlatimiz rahbari tashabbusi bilan nuroniylarni qo‘llab-quvvatlashni kuchaytirish, ularga ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatish tizimini yaxshilash borasida kompleks chora-tadbirlar amalga oshirilayotganligi alohida eʼtirof etildi.
Dildan qurilgan suhbat jarayonida faxriy o‘qituvchilar O‘dakov Nurullo va Razzaqov Shokir domlalar yaratilayotgan sharoitlar, berilayotgan imkoniyatlar uchun Prezidentimizga mahalla ahli nomidan minnatdorchilik bildirdilar. Sektor rahbarlari bilan esa, aholi muammolari bilan ishlash, jinoyatchilikni jilovlash, turizmni rivojlantirish masalalari yuzasidan amalga oshirilayotgan ishlar tahlil qilindi.
Mazkur mahalladagi “Qalʼajiq qalʼa” turizm maskanida tashrif buyuruvchilar uchun yaratilgan sharoitlar, turistlar xavfsizligini taʼminlash borasidagi ishlar ahvoli o‘rganildi.
Ushbu o‘rganishlar bilan bir qatorda tezkor-profilaktik tadbirlar ham davom ettirilmoqda. Tadbirlarning ikki kuni davomida 15 ta jinoiy, 45 ta maʼmuriy huquqbuzarlik holatlari aniqlandi, 7 nafar qidiruvdagi shaxslar ushlandi.
Kunduzgi va tungi “avtoreyd” tadbirlarida 870 nafar qoidabuzar haydovchilar maʼmuriy javobgarlikka tortilib, Ular bilan profilaktik suhbatlar o‘tkazildi.
Respublika ishchi guruhi viloyatdagi o‘rganish va amaliy yordam ko‘rsatish ishlarini davom ettirmoqda.
Manba: O‘zbеkiston Rеspublikаsi Ichki ishlаr vаzirligi