O‘zbekiston va Turkmaniston sanoat kooperatsiyasini kengaytirishning yangi yo‘llarini ko‘rib chiqmoqda
O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari - investitsiyalar va tashqi savdo vaziri S.Umurzakov Turkmaniston sanoat va qurilish ishlab chiqarish vaziri B.Annamamedovni qabul qildi.
Muzokaralar chog‘ida ikki tomonlama hamkorlikning dolzarb masalalari yuzasidan fikr almashildi. Tomonlar ikki davlat o‘rtasidagi iqtisodiy sheriklik ko‘rsatkichlari sezilarli darajada o‘sayotganini ta'kidlab, ularni yanada oshirish bo‘yicha birgalikdagi sa'y-harakatlarni faollashtirish yuzasidan yakdil fikr bildirdilar.
So‘nggi 4 yil ichida o‘zbek - turkman tovar ayirboshlash hajmi 5 barobar oshgani, 2021-yilda esa o‘zaro tovar ayirboshlash hajmi o‘tgan yilga nisbatan 65 foizni tashkil etgani qayd etildi. 2021- yilning sentabr oyida bo‘lib o‘tgan oliy darajadagi tadbirlar yakunlari bo‘yicha imzolangan bir qator savdo shartnomalari bugungi kunda hayotga tatbiq etilmoqda.
Ikki mamlakat hududlarida joylashgan ishlab chiqarish ob'ektlarini jalb qilib sanoat kooperatsiyasini faollashtirish va to‘liq qo‘shilgan qiymat zanjirlarini yaratish chora-tadbirlari muhokama qilindi. O‘zbekiston va Turkmaniston iqtisodiyotlarining raqobatbardosh ustunliklari asosida ajratib olingan yangi istiqbolli yo‘nalishlarda sanoat sohasidagi hamkorlikni kengaytirish bo‘yicha takliflar ilgari surildi.
Hududlararo hamkorlikni mustahkamlash mexanizmlari ko‘rib chiqildi. Tomonlar sanoat kooperatsiyasining yangi loyihalarini va savdo shartnomalarini ishlab chiqish maqsadida ikki mamlakat hududlari ma'muriyatlarining faoliyatini muvofiqlashtirishni kuchaytirishga kelishib oldilar.
Oziq-ovqat xavfsizligi yo‘nalishida tajriba almashish uchun O‘zbekiston va Turkmaniston vazirlik va idoralari delegatsiyalarining tashriflarini tashkil qilishga o‘zaro tayyorlik bildirildi.
Uchrashuv yakunida ikki tomonlama munosabatlarning barcha sohalarida konstruktiv hamkorlikni davom ettirish hamda yuzaga kelayotgan masalalar ustida ishlash va ularni birgalikda hal qilib borish yuzasidan kelishuvga erishildi.
Manba: O‘zbekiston Respublikasi investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi