Energetika vazirligi va Tatariston delegatsiyasi hamkorlikning borishi va istiqbollarini muhokama qildi
2022-yilning 25-aprel kuni Energetika vazirligida Tatariston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari – sanoat va savdo vaziri Albert Karimov boshchiligidagi delegatsiya a'zolari bilan muzokaralar o‘tkazildi.
Uchrashuvda O‘zbekiston Respublikasi energetika vazirining birinchi o‘rinbosari Azim Axmedxadjayev ta'kidlaganidek, so‘nggi paytlarda tomonlar samarali hamkorlik qilish uchun turli loyihalarni faol muhokama qilmoqda.
Xususan, muzokaralar chog‘ida 110 kV kuchlanishgacha bo‘lgan elektr uzatish tarmoqlarini modernizasiya va rekonstruksiya qilish hamda yangidan qurish uchun chiziqli SIP armaturalarini ishlab chiqarish va yetkazib berish maqsadida “TESK” MChJ bilan hamkorlikni rivojlantirish masalasi muhokama qilindi. O‘zbekiston tomonidan hamkor sifatida belgilangan “O‘zeltexsanoat” AJ bilan O‘zbekiston Respublikasi hududida ishlab chiqarishni tashkil etish masalasini o‘rganish taklifi kiritildi.
Qo‘shma hamkorlikning muvaffaqiyatli namunasi sifatida mamlakatda “Tatneft'” OAJning yoqilg‘i quyish shahobchalari tarmog‘ini yaratish loyihasini keltirish mumkin. “O‘zbekneftgaz” AJ tomonidan 7 ta yoqilg‘i quyish shoxobchalaridan iborat qo‘shimcha ro‘yxat taklif etilib, ushbu loyihalarni baholash boshlandi.
“Tatneft'” OAJ va “O‘zbekneftgaz” AJ ishchi guruhi ham ularni amalga oshirishning maqbul texnik-iqtisodiy shartlarini aniqlash maqsadida past tonnajli kimyo bo‘yicha qo‘shma loyihalarni tahlil qilmoqda. Ular qatoriga “Buten-1”, “Geksen-1”, polioksimetilen va boshqa turdagi mahsulotlar ishlab chiqarish taklif etilmoqda.
Ta'kidlash joizki, tomonlar elektromobillarga yoqilg‘i quyish shoxobchalarini keyinchalik mahalliylashtirish orqali rivojlantirish ustida ishlamoqda. Uchrashuv davomida “KMPO”, “KER Holding”, “Energorazvitie”, “AzAtom” kabi kompaniyalar bilan ijobiy hamkorlik munosabatdari ta'kidlab o‘tildi.
Hamkorlikning yana bir istiqbolli yo‘nalishi – neft-gaz sohasini raqamlashtirishdir. Shu yo‘nalishda joriy yilning mart oyida Energetika vazirligi va “ER-Telekom Xolding” kompaniyasi o‘rtasida Bitim imzolangan edi. Hamkorlikni mazmunli muhokama qilish maqsadida kompaniya ishchi guruhining O‘zbekistonga tashrifini tashkil etish rejalashtirilgan.
Manba: Oʻzbekiston Respublikasi Energetika vazirligi