O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Charm-poyabzal va moʻynachilik sanoati boʻyicha Belarus bilan hamkorlik rivojlantiriladi
2022-04-25 | Iqtisodiyot
“Oʻzcharmsanoat” uyushmasi hamda Belarus yengil sanoat korxonalari assotsiatsiyasi oʻrtasida oʻzaro hamkorlik memorandumi imzolandi.
Mazkur hujjat ikki tomonlama aloqalarni yanada mustahkamlash hamda charm-poyabzal va moʻynachilik sanoatida oʻzaro tajriba almashishini nazarda tutadi.
Mazkur tashkilotning asosiy maqsadi bozor ishtirokchilari va davlat organlari oʻrtasida koʻprik vazifasini oʻtash, yagona nuqtayi nazarni shakllantirib, tashabbuslarni ilgari surishdir. Shuningdek, yengil sanoat sohasidagi qonunchilik bazasini takomillashtirib borish uyushmaning vazifalaridan biri sanaladi.
Belarus yengil sanoat korxonalari assotsiatsiyasi raisi Nikolay Martыnov Oʻzbekistonga tashrifi chogʻida “Oʻzcharmsanoat” uyushmasi raisi F.Boboyev bilan muloqot oʻtkazdi. Suhbat chogʻida mehmon Belarus uyushmasi oldiga qoʻyilgan vazifalarni bajarishga oid masalalarda Oʻzbekiston tomonining katta tajribasidan foydalanish, ayni yoʻnalishda mamlakatimizda olib borilgan ishlarni Belarusda ham qoʻllash mumkinligini qayd etdi.
Muloqot soʻngida ikki tomonlama aloqalarini mustahkamlash yoʻlida hamkorlik memorandumi imzolandi. Mazkur hujjat bilan tomonlar birgalikda yangi innovatsion ishlanmalar asosidagi qoʻshma loyihalarni amalga oshiradi. Tadbirkorlar manfaatlarini himoya qilish va ularni qoʻllab-quvvatlashda bir-biriga koʻmaklashadi. Bu yoʻnalishda toʻplangan tajriba oʻrtoqlashiladi.
Shuningdek, ikki davlat oʻrtasida savdo-iqtisodiy aloqalarni rivojlantirishga qaratilgan qoʻshma tadbirlarni tashkil etish, sanoat kooperatsiyasini oʻrnatishga kelishib olindi.
Manba: «Yangi O"zbekiston»