Kumamoto shahrida bo‘lib o‘tayotgan 4-Osiyo-Tinch okeani suv sammiti doirasida O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari - investitsiyalar va tashqi savdo vaziri S.Umurzoqov Yaponiya Bosh vaziri Fumio Kishida bilan ko‘p qirrali O‘zbekiston-Yaponiya hamkorligining bugungi holati, qo‘shma tashabbuslarni amalga oshirish va uzoq muddatli istiqbolda ikki tomonlama munosabatlarni mustahkamlash masalalarini muhokama qildi.
Ikki tomonlama savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikning rivojlanish dinamikasiga, shuningdek, Yaponiya kompaniyalarining O‘zbekistonda biznes yuritishga bo‘lgan qiziqishi tobora ortib borayotganiga yuqori baho berildi.
Tomonlar Yaponiya korporatsiyalari va moliya tashkilotlarini jalb qilgan holda O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan yirik loyihalar ijrosiga qisqacha to‘xtalib, ularning ko‘lami va O‘zbekistonning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishi uchun ahamiyatini ta'kidladilar.
Kelishilgan loyiha va tashabbuslarni ilgari surish, o‘zaro manfaatli munosabatlarni yanada kengaytirish yuzasidan fikr almashish maqsadida hamkorlikni rivojlantirishning keyingi yo‘nalishlari belgilab olindi.
Markaziy Osiyo mintaqasida suv resurslarini boshqarish samaradorligini oshirish hamda suvdan oqilona foydalanish va bu borada muvozanatni ta'minlash sohasida ikki tomonlama hamkorlik mexanizmlari alohida ko‘rib chiqildi.
Uchrashuv yakunida amaldagi kelishuvlarni o‘z vaqtida hayotga joriy qilish, shuningdek, hamkorlikning yangi o‘sish nuqtalarini kashf etish bo‘yicha birgalikda ish olib borishga o‘zaro sodiqlik bildirildi.
Manba: O‘zbekiston Respublikasi investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi