A. Toshqulov: Ma'naviyatga tahdid kuchaygan davrda yoshlar o‘z tarixini puxta bilishi, kimlarning avlodi ekanini teran his etishi juda muhim
Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vaziri Abduqodir Toshqulov Qarshi muhandislik-iqtisodiyot institutida professor-o‘qituvchilar, kafedralar mudirlari, yosh olimlar va tadqiqotchilar bilan uchrashdi.
Uchrashuv odatiy rasmiyatchiliklardan xoli, samimiy muloqot hamda fikr almashish formatida o‘tdi.
– Men bugun sizlar bilan dildan suhbat qilish uchun kelganman, - dedi Abduqodir Toshqulov. – Keling, samimiy gaplashamiz. Sizda takliflar, muammolar, bizga aytadigan gaplar bordir.
Suhbat boshida mamlakatimizda sohada amalga oshirilayotgan islohotlar, oliy ta'lim muassasalariga moliyaviy mustaqillik berilishining ahamiyati, ta'lim sifatini oshirish, malakali mutaxassislarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash istiqbollari haqida qisqacha tushuncha berildi.
So‘ng tadbir ishtirokchilari o‘z taklif va mulohazalarini bildirib, barcha oliy ta'lim muassasalarida O‘zbekiston tarixi fanini chuqurlashtirilgan holda o‘qitish, dars soatlarining ko‘paytirilishi yuzasidan fikrlar tinglandi va o‘rtada muhokama qilindi.
– Bugun ma'naviyatga tahdid kuchaygan bir davrda yoshlar o‘z tarixini puxta bilishi, kimlarning avlodi ekanini teran his etishi juda muhim, – dedi vazir.
Shu bilan birga, talabalarning xorijda amaliyot o‘tashini tashkil qilish borasidagi mulohazalarga to‘xtalindi. Bugungi kunda o‘zbekistonlik talabalar xorijda tashkil etilayotgan qisqa muddatli o‘quv amaliyotida asosan Erasmus+ loyihasi bo‘yicha ishtirok etishayotgani, shu tashabbusni Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi tomonidan yo‘lga qo‘yish xususida takliflar bildirildi.
Shuningdek, talabalarning o‘zlari ta'lim olayotgan yo‘nalish bo‘yicha ko‘nikmalarini oshirish uchun o‘sha korxonada ko‘proq amaliyot o‘tashi bo‘yicha fikr o‘rtaga tashlanib, bu boradagi taklif va tavsiyalar qayd etib olindi.
Manba: O‘zbekiston Respublikasi Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi