Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Kengashining 18-aprel kuni o‘tkazilgan yig‘ilishida bir qator muhim masalalar muhokama etildi. Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining 2022-yil birinchi choragidagi faoliyati yakunlari to‘g‘risida axborot atroflicha tahlil qilindi.
Qayd etilganidek, Qonunchilik palatasining o‘tgan davrdagi ishi parlament faoliyatini tartibga soluvchi Konstitusiyaviy qonunlar, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qator dasturiy ma'ruzalari, farmonlari va qarorlari, 2022 — 2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasi, “Inson qadrini ulug‘lash va faol mahalla yili” Davlat dasturi hamda Qonunchilik palatasining 2022-yil birinchi yarim yilligidagi faoliyatining asosiy yo‘nalishlari asosida tashkil etildi.
Hisobot davrida Qonunchilik palatasining faoliyati mamlakatni ijtimoiy-iqtisodiy va siyosiy-huquqiy jihatdan yanada rivojlantirish, huquqiy davlat va kuchli fuqarolik jamiyatini shakllantirish, fuqarolarning huquqlari, erkinliklari hamda qonuniy manfaatlarini mustahkamlash borasida amalga oshirilayotgan izchil islohotlarning huquqiy asoslarini yanada mustahkamlashga qaratildi.
Qonunchilik palatasining qonun ijodkorligi faoliyati takomillashtirildi. Xususan, palataga kiritilgan qonun loyihalarini ko‘proq qo‘mitalar va siyosiy partiyalar fraksiyalarida muhokama qilish amaliyoti joriy etildi. Ushbu amaliyot qonun loyihalarini tegishli ekspert va mutaxassislar ishtirokida har tomonlama ko‘rib chiqqan holda maromiga yetkazishga hamda yalpi majlisdagi muhokamalar chog‘ida deputatlarning bahs-munozaralarining kamayishiga sharoit yaratmoqda.
Hisobot davrida davlat va jamiyat hayotida muhim ahamiyatga ega, xalqimiz farovonligini oshirishga, aholiga yengilliklar yaratishga, fuqarolarning huquq va erkinliklarini ta'minlashga qaratilgan, butun bir sohani tartibga soluvchi hajman yirik bir qator yaxlit qonunlar qabul qilindi. Masalan, “Ma'muriy tartib-taomillar to‘g‘risida”gi, “Davlat qarzi to‘g‘risida”gi, “Davlat mulkini boshqarish to‘g‘risida”gi, “Davlat fuqarolik xizmati to‘g‘risida”gi, “Tashqi mehnat migratsiyasi to‘g‘risida”gi, “Qo‘riqlash faoliyati to‘g‘risida”gi qonunlar shular jumlasidandir.
Qonunchilik palatasining parlament nazoratini amalga oshirishga qaratilgan faoliyati sezilarli darajada jonlandi. Palata majlislarida Hukumat a'zolari, shuningdek, davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari rahbarlarining ham o‘z faoliyatiga doir masalalar yuzasidan axborotini eshitish bo‘yicha tizimli ishlar olib borildi.
Xususan, Hukumat va xo‘jalik boshqaruvi organlari rahbarlarining o‘z faoliyatiga doir masalalar yuzasidan jami 8 marotaba axboroti (“parlament eshituvi”) eshitildi, 2 marotaba “hukumat soati” o‘tkazildi. Qonunchilik palatasining qonunlar bilan belgilangan vakolatlari doirasida Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman), Bola huquqlari bo‘yicha vakil (bolalar ombudsmani), O‘zbekiston Respublikasi Hisob palatasining 2021-yilgi hisoboti hamda 5 ta siyosiy partiyaning 2021-yildagi faoliyatini moliyalashtirish manbalari to‘g‘risidagi hisobotlari eshitildi.
Davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlarining mansabdor shaxslariga 1 ta parlament so‘rovi, 86 ta deputat so‘rovi yuborildi.
Bosh vazir tomonidan hukumat a'zoligiga taklif etilgan 4 nafar nomzod Qonunchilik palatasining majlislarida ko‘rib chiqilib, ma'qullandi.
Shuningdek, deputatlarning o‘z saylovchilari bilan aloqalari kuchaydi, to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqotlari yangicha mazmun-mohiyat bilan boyidi. Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlash tizimi takomillashtirildi.
Quyi palataning xalqaro hamkorlik aloqalari mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng qamrovli islohotlarga mos ravishda izchil davom ettirildi. Xorijiy davlatlar parlamentlari va xalqaro tashkilotlar bilan ko‘p qirrali va samarali hamkorlik ko‘lamini yanada oshirishga e'tibor kuchaytirildi.
O‘tgan davrda Qonunchilik palatasida 9 ta chet el delegasiyasi qabul qilindi. Parlamentlararo amaliy hamkorlikni rivojlantirish, ikki tomonlama aloqalarni yanada mustahkamlash maqsadida deputatlar korpusining 12 nafar vakili uchun Bel'giya, Qozog‘iston, BAA, Shveysariya kabi davlatlarga 5 marta chet el xizmat safari amalga oshirildi.
Parlamentlararo hamkorlik aloqalarini yanada mustahkamlash maqsadida Qonunchilik palatasining Tailand Milliy Assambleyasi bilan hamkorlik bo‘yicha parlamentlararo guruhi tuzildi. Shu tariqa, hozirgi kunda Oliy Majlisda jami 53 ta xorijiy davlat parlamenti hamda Yevropa Ittifoqi parlamenti bilan parlamentlararo guruhlar faoliyat yuritmoqda.
O‘tgan davrda Turkiya, Rossiya, Xitoy, Isroil, Yaponiya, Germaniya parlamentlari hamda Yevropa Ittifoqi bilan parlamentlararo guruhlarning jami 7 ta yig‘ilishi o‘tkazilib, o‘zaro hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan ustuvor vazifalar belgilab olindi. O‘tgan davrda Qonunchilik palatasida jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlash borasida ham muayyan ishlar qilindi. Jumladan, kelib tushgan jami 2 937 ta murojaat belgilangan tartibda ko‘rib chiqildi.
Qonun hujjatlarini takomillashtirishga doir asoslantirilgan takliflar bayon etilgan 151 ta murojaat mas'ul qo‘mitalar tomonidan atroflicha o‘rganib chiqilib, ulardan 20 taga yaqini qonun ijodkorligi jarayonida inobatga olindi.
Ko‘rib chiqilayotgan davrda fuqarolarning murojaatlari bilan ishlash borasida quyi palatada qaror topgan yangi amaliyotga muvofiq, 4 ta qo‘mita tomonidan jismoniy va yuridik shaxslardan kelayotgan murojaatlarda ko‘tarilgan masalalar qay darajada hal etilayotganligi bo‘yicha davlat organlari rahbarlarining 4 marotaba hisoboti eshitildi.
O‘tgan davr mobaynida Qonunchilik palatasining faoliyati ommaviy axborot vositalarida jami 5 757 marta yoritildi. Shu jumladan, televidenie orqali 861 marta, radio orqali 876 marta, bosma nashrlarda 819 marta, internetda 929 marta, palata rasmiy veb-saytida 881 marta, ijtimoiy tarmoqlarda 1 391 marta chiqish qilindi.
Yig‘ilishda alohida qayd etilganidek, Qonunchilik palatasining joriy yilning birinchi choragidagi faoliyati mamlakatni ijtimoiy-iqtisodiy, siyosiy-huquqiy jihatdan yanada taraqqiy ettirish, rivojlangan demokratik davlat qurish hamda kuchli fuqarolik jamiyatini shakllantirish, inson huquqlari, erkinliklari hamda qonuniy manfaatlarining kafolatlarini ta'minlashga yo‘naltirildi. Bu esa, Yangi O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlarni yanada chuqurlashtirish, ularning huquqiy asoslarini mustahkamlashga xizmat qilmoqda.
Kengash a'zolari tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining 2022 yil birinchi choragidagi faoliyati yakunlari to‘g‘risida axborot har tomonlama ko‘rib chiqilgach, ma'lumot uchun qabul qilindi.
Manba: O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi