O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

Ko‘zi ojiz va zaif ko‘ruvchi bolalar uchun ixtisoslashtirilgan maktab-internatlarda ta’lim berish sifatini oshirish hamda ular faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida

2022-04-18 | Hujjatlar

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori

So‘nggi yillarda mamlakatimizda “Inson qadri uchun” tamoyili asosida nogironligi bo‘lgan shaxslarni qo‘llab-quvvatlash tizimini yanada takomillashtirish, xususan ko‘zi ojiz va ko‘rishda nuqsoni bo‘lgan bolalarning jamiyatdagi o‘rnini mustahkamlash yuzasidan zarur chora-tadbirlar amalga oshirildi.

Mazkur yo‘nalishdagi islohotlarning izchilligi va tizimliligini ta’minlash, ko‘zi ojiz va zaif ko‘ruvchi bolalarning ta’lim olishi uchun yaratilgan shart-sharoitlarni yanada yaxshilash, ularning jamiyatga moslashuviga ko‘maklashish hamda qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha ishlarni yangi bosqichga olib chiqish maqsadida:

1. Ichki ishlar vazirligi hamda Xalq ta’limi vazirligining ko‘zi ojiz va zaif ko‘ruvchi bolalar uchun ixtisoslashtirilgan maktab-internatlarni Ichki ishlar vazirligiga biriktirish hamda ularni “Nurli maskan” ixtisoslashtirilgan maktab-internatlari (keyingi o‘rinlarda – “Nurli maskan” maktablari) deb nomlash to‘g‘risidagi taklifiga rozilik berilsin.

Belgilansinki, Ichki ishlar vazirligi “Nurli maskan” maktablariga mas’ullarni biriktirgan holda:

sifatli ta’lim va tarbiya berishga, ularning maishiy sharoitlarini yaxshilashga, shuningdek, o‘quvchilarning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish hamda intellektual, jismoniy va ijodiy qobiliyatlarini rivojlantirishga;

o‘quvchilarning jismoniy imkoniyatidan kelib chiqqan holda, ularni sog‘lom, ma’nan yetuk inson qilib tarbiyalashga hamda dunyoqarashini shakllantirish, sport turlariga qiziqtirish va jalb etishga;

o‘quvchilarning vatanparvarlik tuyg‘ularini shakllantiruvchi madaniy-ma’rifiy tadbirlarni tashkil etishga doimiy ravishda ko‘maklashadi.

2. “Nurli maskan” maktablari o‘quvchilari xavfsizligini ta’minlash, ularni sog‘lomlashtirish va reabilitatsiya qilish tadbirlarini tizimli yo‘lga qo‘yish maqsadida:

a) Respublika ko‘z kasalliklari klinik shifoxonasi, Respublika ixtisoslashtirilgan ko‘z mikroxirurgiyasi markazi, Toshkent tibbiyot akademiyasi, Toshkent pediatriya tibbiyot instituti hamda boshqa tibbiy muassasalarning malakali shifokorlarini jalb etgan holda, “Nurli maskan” maktablari o‘quvchilarini davolash-sog‘lomlashtirish va reabilitatsiya qilish amaliyoti yo‘lga qo‘yilsin.

Bunda, “Nurli maskan” maktablari o‘quvchilarini davolash-sog‘lomlashtirish va reabilitatsiya qilish tadbirlari uchun xarajatlar Sog‘liqni saqlash vazirligiga ajratilgan mablag‘lar doirasida moliyalashtiriladi.

Sog‘liqni saqlash vazirligi (B.Musayev) Xalq ta’limi vazirligi (B.Saidov) bilan birgalikda bir oy muddatda “Nurli maskan” maktablari o‘quvchilari uchun patronaj tizimini joriy etish hamda davolash-sog‘lomlashtirish va reabilitatsiya qilish tadbirlarini amalga oshirishni o‘z ichiga oluvchi chora-tadbirlar tasdiqlanishini ta’minlasin;

b) o‘quvchilarga nisbatan tazyiq va zo‘ravonlik hamda ular orasida o‘z joniga qasd qilish holatlarining oldini olish bo‘yicha profilaktika ishlarini tizimli yo‘lga qo‘yish doirasida barcha “Nurli maskan” maktablari hududiga videokuzatuv moslamalari o‘rnatilishi ta’minlansin va ular tegishli hududiy ichki ishlar organlariga integratsiya qilinsin.

Ichki ishlar vazirligi (P.Bobojonov) uch oy muddatda vazirlikning byudjetdan tashqari mablag‘lari hisobidan mazkur vazifani amalga oshirish bo‘yicha manzilli choralarni belgilab, ishlarni yakuniga yetkazsin.

3. Shunday tartib o‘rnatilsinki, unga muvofiq 2022/2023 o‘quv yilidan boshlab:

a) “Nurli maskan” maktablarining Brayl yozuvidagi darsliklar va o‘quv qo‘llanmalar, badiiy hamda bolalar uchun mo‘ljallangan adabiyotlar, turli ixtisoslik va yo‘nalishlardagi bosma va audiokitoblarga bo‘lgan ehtiyoji har olti oyda o‘rganiladi va shu asosda adabiyotlar ro‘yxati shakllantirib boriladi.

Bunda, shakllantirilgan ro‘yxat asosida davlat buyurtmasini e’lon qilish, adabiyotlarni ushbu yo‘nalishdagi ixtisoslashgan, yetarli moddiy-texnik bazaga hamda tajribaga ega bo‘lgan matbaa korxonalarida nashr etish hamda “Nurli maskan” maktablari ehtiyojidan kelib chiqib, taqsimot asosida tarqatish amaliyoti yo‘lga qo‘yiladi;

b) ko‘zi ojiz va zaif ko‘ruvchi bolalar uchun belgilangan viloyat va respublika fan olimpiadalari bitiruvchi sinflar o‘quvchilari uchun alohida tashkil etiladi;

v) “Nurli maskan” maktablari o‘quvchilari uchun axborot texnologiyalari, xorijiy tillar, kasb-hunar va тadbirкорликни o‘rgatish bo‘yicha o‘quv kurslari tashkil etiladi.

Bunda, “Nurli maskan” maktablari bitiruvchilarini qisqa muddatli o‘quv kurslari orqali kasb-hunarga o‘qitish uchun nodavlat ta’lim tashkilotlari o‘rtasida grant e’lon qilinadi va o‘qish bilan bog‘liq xarajatlar Bandlikka ko‘maklashish davlat jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan to‘lanadi;

g) oliy ta’lim muassasalarining tegishli ixtisoslik va yo‘nalishlari bo‘yicha Brayl alifbosi asosidagi adabiyotlarni chop etish tizimi yo‘lga qo‘yiladi;

d) ko‘zi ojiz va zaif ko‘ruvchilar uchun darsliklar va o‘quv-metodik majmualar chop etuvchi nashriyot-matbaa korxonalari bilan deklaratsiya qilingan narxlar asosida belgilangan tartibda shartnomalar tuzishga ruxsat beriladi.

Vazirlar Mahkamasi ikki oy muddatda ko‘zi ojiz va zaif ko‘ruvchilar uchun o‘quv va badiiy adabiyotlar chop etish sohasiga xususiy sektor vakillarini keng jalb qilish, ularga tegishli imtiyozlar berish orqali mazkur yo‘nalishni rivojlantirish bo‘yicha takliflarni ishlab chiqsin va O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasiga kiritsin.

4. Ichki ishlar vazirligi (P.Bobojonov), Qurilish vazirligi (B.Zakirov), Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi (A.Boboyev), Moliya vazirligi (T.Ishmetov), Xalq ta’limi vazirligi (B.Saidov) Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan birgalikda 2022 yil 1 iyulga qadar “Nurli maskan” maktablarida qurilish-ta’mirlash va jihozlash ishlarini bajarish 2023 -2025 yillarda ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish dasturlariga kiritsin.

Belgilansinki:

a) Moliya vazirligi (T.Ishmetov) tomonidan Samarqand shahridagi 59-sonli va 60-sonli ko‘zi ojiz va zaif ko‘ruvchi bolalar maktab-internatlarida 2022 yilda qurilish-ta’mirlash hamda jihozlash ishlarini amalga oshirish uchun bir oy muddatda tegishli mablag‘lar ajratiladi;

b) 2022 yil sentyabrdan boshlab “Nurli maskan” maktablari o‘quvchilarini kasb-hunarga o‘rgatish hamda bitiruvchilarining kasb egallashini ta’minlash maqsadida muassasalarda o‘g‘il va qiz bolalar uchun alohida zamonaviy jihozlangan ijtimoiy va maishiy yo‘nalishdagi majmua (o‘quv ustaxona)lar tashkil etiladi;

v) “Nurli maskan” maktablari 2022/2023 o‘quv yiliga qadar mahalliy byudjet mablag‘lari hisobidan ko‘zi ojizlar uchun moslashtirilgan maxsus kompyuter texnika vositalari bilan to‘liq jihozlanadi.

Xalq ta’limi vaziri B.Saidov va ichki ishlar vaziri P.Bobojonov mazkur bandda belgilangan vazifalarni samarali va to‘laqonli amaliyotga tatbiq etish bo‘yicha shaxsan mas’ul ekanligi belgilab qo‘yilsin.

5. Qurilish vazirligi (B.Zakirov) Sog‘liqni saqlash vazirligi (B.Musayev) bilan birgalikda uch oy muddatda “Nurli maskan” maktablari ob’ektlarini loyihalash va qurishga doir ilg‘or xorijiy standartlar va me’yorlarni o‘rganib chiqib, ularni qo‘llash bo‘yicha texnik jihatdan tartibga solishga oid normativ hujjatlarga tegishli o‘zgartirishlar kiritsin.

6. Quyidagilar:

a) Yoshlar ishlari agentligi ikki oy muddatda mahallalardagi yoshlar yetakchilari tomonidan ta’limga jalb etilmagan ko‘zi ojiz va zaif ko‘ruvchi bolalar ro‘yxatlarini mahallalar kesimida shakllantirsin va ularning Xalq ta’limi vazirligiga taqdim etilishini ta’minlasin;

b) Xalq ta’limi vazirligi uch oy muddatda Yoshlar ishlari agentligi tomonidan taqdim etilgan ro‘yxatlar asosida:

ko‘zi ojiz va zaif ko‘ruvchi bolalarni to‘liq ta’limga jalb etish choralarini ko‘rsin;

ko‘zi ojiz va zaif ko‘ruvchi bolalarni ta’limga jalb etishda alohida yondashuv-metodikalari asosida uy sharoitida tahsil oluvchilarni maxsus adabiyotlar bilan ta’minlasin.

7. Xalq ta’limi vazirligi (B.Saidov), Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi (A.Toshkulov) alohida ta’lim ehtiyojlari bo‘lgan ko‘zi ojiz va zaif ko‘ruvchi bolalarning inklyuziv ta’lim olishi uchun zarur sharoitlar yaratish choralarini ko‘rsin. Bunda:

uch oy muddatda Sog‘liqni saqlash vazirligi (B.Musayev) Tibbiy-ijtimoiy xizmatlarni rivojlantirish agentligi (A.Inakov) bilan birgalikda xalqaro tajribadan kelib chiqib, ko‘zi ojiz va zaif ko‘ruvchi bolalarni umumiy o‘rta, o‘rta maxsus va professional ta’lim muassasalariga yuborish imkonini beruvchi tibbiy ko‘rsatmalar ro‘yxatini qayta ko‘rib chiqsin;

2022 yil yakuniga qadar inklyuziv ta’lim tizimi joriy qilingan ta’lim muassasalarida ko‘zi ojiz va zaif ko‘ruvchi bolalar uchun zarur shart-sharoitlarni yaratsin, shu jumladan, ularni relef yo‘lakchalar, Brayl alifbosi asosidagi adabiyotlar hamda maxsus eshitish moslamalari bilan ta’minlasin;

har yili kamida ikki marotaba inklyuziv ta’lim tizimi joriy qilingan ta’lim muassasalarining rahbar va pedagog kadrlari uchun ko‘zi ojiz va zaif ko‘ruvchi bolalarga ta’lim berish bo‘yicha malaka oshirish kurslarini tashkil etsin;

inklyuziv ta’lim tizimi joriy qilingan ta’lim muassasalarida ko‘zi ojiz va zaif ko‘ruvchi bolalarning yaqin qarindoshlariga ular bilan birga darslarda qatnashish imkoniyatlarini yaratsin.

8. 2022 yil 1 iyunga qadar Andijon viloyatining 16-sonli “Nurli maskan” maktabining bo‘sh turgan binosida ko‘zi ojiz va zaif ko‘ruvchi shaxslarning mehnat qilishi uchun tajriba-sinov tariqasida maxsus o‘quv-ishlab chiqarish korxonasi tashkil etilsin.

Andijon viloyati hokimligi (Sh.Abdurahmonov) Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi (N.Xusanov) hamda Xalq ta’limi vazirligi (B.Saidov) bilan birgalikda:

bir oy muddatda “Nurli maskan” maktabining o‘quvchilari uchun o‘quv-ishlab chiqarish korxonasining ishlab chiqarish yo‘nalishidan kelib chiqib maxsus amaliy-o‘quv darslarini tashkil qilsin;

ikki oy muddatda o‘quv-ishlab chiqarish korxonasini zarur uskunalar, maxsus jihozlar, ish qurollari va anjomlar bilan ta’minlasin hamda ishlab chiqariladigan tovar va xizmatlarni realizatsiya qilishda amaliy yordam ko‘rsatsin.

9. Xalq ta’limi vazirligi (B.Saidov):

a) Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi (N.Xusanov) hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan birgalikda 2023 yil 1 yanvarga qadar Andijon viloyatining “Nurli maskan” maktabidagi o‘quv-ishlab chiqarish korxonasining natijalaridan kelib chiqib, respublikaning boshqa maktab-internatlarida mazkur tajribani joriy etishни nazarda tutuvchi Hukumat qarori loyihasini Vazirlar Mahkamasiga kiritsin;

b) O‘zbekiston ko‘zi ojizlar jamiyati (E.Narpulatov) hamda Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi (N.Xusanov) bilan birgalikda 2023 yil 1 fevralga qadar joylarda tashkil etilayotgan o‘quv ustaxonalarining yo‘nalish va imkoniyatlaridan kelib chiqqan holda, kasbga yo‘naltiruvchi maxsus o‘quv reja va dasturlarni ishlab chiqsin;

v) 2022/2023 o‘quv yiliga qadar “Nurli maskan” maktablari o‘quvchilarining ehtiyoji va imkoniyatidan kelib chiqib, ularda “Barkamol avlod” bolalar maktablarining tarmoq to‘garaklari faoliyatini yo‘lga qo‘ysin;

g) Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi (Sh.Shermatov) bilan birgalikda 2022 yil yakuniga qadar “Nurli maskan” maktablari uchun o‘zbek nutq sintezatori va boshqa semantik-eshitish vositalari bilan hamohang ravishda milliy dizayndagi maxsus kompyuter dasturlarini yaratsin va o‘quv jarayoniga tatbiq qilsin.

Bunda, milliy dizayndagi maxsus kompyuter dasturlarini ishlab chiqish bilan bog‘liq xarajatlar Xalq ta’limi sohasida islohotlarga ko‘maklashish jamg‘armasi hisobidan amalga oshiriladi;

d) Moliya vazirligi (T.Ishmetov), Tibbiy-ijtimoiy xizmatlarni rivojlantirish agentligi (A.Inakov) bilan birgalikda 2022/2023 o‘quv yiliga qadar 1-sinf o‘quvchilariga belgilangan tartibda ajratiladigan “Prezident sovg‘asi” tarkibiga ko‘zi ojiz va zaif ko‘ruvchi bolalar uchun maxsus o‘quv qurollari va to‘plamlar ro‘yxatini shakllantirsin va tegishli qaror loyihasini Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.

10. Sportni rivojlantirish vazirligi (A.Ikramov) Xalq ta’limi vazirligi (B.Saidov) hamda O‘zbekiston Milliy paralimpiya qo‘mitasi (M.Tashxodjayev) bilan birgalikda:

bir oy muddatda “Nurli maskan” maktablarining paralimpiya sport turlari bilan shug‘ullanishda zarur bo‘ladigan sport asbob-uskunalari, jihozlar va boshqa inventarlarga bo‘lgan ehtiyojini aniqlasin;

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan birgalikda chet el tajribasi asosida tegishli mahalliy byudjetlar hisobidan “Nurli maskan” maktablarining sport zali va sport maydonlarini xalqaro me’yorlar asosida jihozlasin hamda zarur maxsus sport inventarlari bilan ta’minlasin;

2022/2023 o‘quv yilidan boshlab ko‘zi ojiz va zaif ko‘ruvchi bolalar hamda tayanch harakat a’zolari shikastlangan bolalarning ixtisoslashtirilgan maktab-internatlarda paralimpiya sport turlari (dzyudo, futbol, yengil atletika) bilan mukammal shug‘ullanishi uchun sport guruhlarini tashkil qilsin va ushbu maktablarga o‘quvchilarning sport turlariga qiziqishidan kelib chiqib, malakali trenerlar jalb qilinishini ta’minlasin.

11. Madaniyat vazirligi (O.Nazarbekov) Xalq ta’limi vazirligi (B.Saidov), Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan birgalikda ikki oy muddatda “Nurli maskan” maktablarida san’at (musiqa) yo‘nalishini rivojlantirish, o‘quvchilarning san’at yo‘nalishidagi iqtidorlarini ro‘yobga chiqarish maqsadida ularni hududlardagi musiqa va san’at maktablariga biriktirsin.

Belgilansinki, bolalarning san’at va musiqaga qiziqishini oshirish maqsadida “Nurli maskan” maktablarida “Doirachilar”, “Dutorchi qizlar”, “Folklor” guruhlari tashkil qilinadi.

12. Xalq ta’limi vazirligi hamda Samarqand viloyati hokimligining 2022 yilda Samarqand shahridagi 59- va 60-son “Nurli maskan” maktablari hududida ushbu muassasalarning cheklangan shtat birliklari doirasida ko‘zi ojiz bolalarni maktabga tayyorlash maqsadida maxsus o‘quv dasturlari asosida bir yillik muddatli tayyorlov guruhlarini tashkil etish to‘g‘risidagi taklifi ma’qullansin.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari 2022 yil 1 oktyabrdan boshlab “Nurli maskan” maktablari negizida ko‘zi ojiz bolalarni maktabga tayyorlovchi bir yillik muddatli tayyorlov guruhlari faoliyatini tashkil qilsin.

Maktabgacha ta’lim vazirligi (A.Shin) 2022 yil 1 oktyabrga qadar xalqaro tajribani keng o‘rgangan holda, maktabgacha yoshda bo‘lgan ko‘zi ojiz bolalarni o‘qitish metodikasini ishlab chiqsin va o‘quv dasturlari “Nurli maskan” maktablariga yetkazilishini ta’minlasin.

13. Ichki ishlar vazirligi (P.Bobojonov) Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan birgalikda:

mahalliy byudjet mablag‘lari hisobidan 2022/2023 o‘quv yiliga qadar “Nurli maskan” maktablarini Brayl alifbosidagi tarqatma materiallar va o‘quv qo‘llanmalari bosib chiqarish uchun relef-nuqtali Brayl printer, portativ taktilli Brayl displeyi, monoblok, qog‘oz kesuvchi va laminator uskunasi kabi kichik bosmaxona uchun zarur uskunalar bilan ta’minlasin;

2022 yil yakuniga qadar “Xavfsiz yo‘l va xavfsiz piyoda” respublika jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan “Nurli maskan” maktablari hududida “Yo‘l harakati qoidalarini o‘rgatish maxsus maydoncha”lari tashkil etsin hamda ko‘zi ojiz va zaif ko‘ruvchi bolalar yashaydigan hududlarda ovozli svetoforlar va innovatsion yo‘l bелgиlariни o‘rnatish choralarini ko‘rsin.

14. “Nurli maskan” ixtisoslashtirilgan maktab-internatlarining shart-sharoitlarini bosqichma-bosqich yaxshilash bo‘yicha “Yo‘l xaritasi” ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

Belgilansinki, “Yo‘l xaritasi”da nazarda tutilgan chora-tadbirlarni so‘zsiz, o‘z vaqtida va sifatli amalga oshirish yuzasidan mas’ul rahbarlarga shaxsiy javobgarlik yuklanadi.

15. Xalq ta’limi vazirligi (B.Saidov), Ichki ishlar vazirligi (B.Bobojonov) manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonunchilik hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan o‘zgartirish va qo‘shimchalar to‘g‘risida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.

16. Mazkur qarorning ijrosini samarali tashkil qilishga mas’ul va shaxsiy javobgar etib xalq ta’limi vaziri B.O.Saidov, ichki ishlar vaziri P.R.Bobojonov, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari belgilansin.

Qaror ijrosi uchun mas’ul idoralar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N.Aripov zimmasiga yuklansin.

 

O‘zbekiston Respublikasi

       Prezidenti                                                                                                        Sh.MIRZIYOYEV

 

Toshkent shahri,

2022-yil 18-aprel

Manba: O'zA

Поделиться