Mahalla va nuroniylarni qo‘llab-quvvatlash vaziri o‘rinbosari Abdulla Tursunov Qashqadaryo viloyatiga tashrif buyurdi hamda hududda joylashgan qator mahallalarda olib borilayotgan obodonlashtirish va qurilish, shuningdek, daraxt ekish jarayonlari bilan yaqindan tanishdi.
Xususan, Kasbi tumanidagi “Qamashi” mahalla fuqarolar yig‘inining yangi binosi, hududdagi Madaniyat saroyi, Maktabgacha ta'lim tashkilotining qurilish ishlari, "Yashil makon" umummilliy loyihasi doirasida terak qalamchalarini ekish ishlarini ko‘zdan kechirdi.
Yana bir manzil — Koson tumanida joylashgan “Baxt” tekstil' MChJ tikuvchilik korxonasi tumandagi eng yirik ishlab chiqarish korxonalaridan biridir. Mazkur sexda ayni vaqtda 450 nafar “Ayollar daftari”ga kiritilgan xotin-qizlar ish olib boradi.
Vazir o‘rinbosari A.Tursunov “Ishga marhamat” monomarkazining Koson tumani filialida olib borilayotgan ishlar bilan ham tanishdi.
Markaz rahbari Z.Sadullaeva va boshqa mutasaddilar bilan o‘tkazilgan suhbatda markazning imkoniyatlari, yaratilgan shart-sharoitlar xususida so‘z yuritildi.
Shuningdek, Monomarkazda o‘quv dasturlarini ishlab chiqish va o‘qituvchilarni malakasini oshirish maqsadida Germaniya, Turkiya va Yaponiya davlatlaridan mutaxassislar jalb qilinishi borasida ham to‘xtalib o‘tildi.
Ta'kidlanganidek, mazkur markazda Koson, Kasbi, Muborak, Mirishkor va Qarshi tumanlari istiqomat qiluvchi fuqarolar xalqaro tajriba asosida innovasion o‘qitish usulida 2 oydan 6 oygacha bo‘lgan muddatlarda kasb-hunarga o‘qitiladi.
Manba: O‘zbekiston Respublikasi mahalla va nuroniylarni qo‘llab-quvvatlash vazirligi