O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Nodavlat taʼlim tashkilortlarida taʼlim-tarbiya sifati oshirish boʻyicha seminar tashkil etildi
2022-04-18 | Ta’lim
Joriy yilning 18-aprel kuni Taʼlim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasida Nodavlat taʼlim tashkilortlarida taʼlim-tarbiya sifati oshirish, bu borada amalga oshirilayotgan ishlarga bagʻishlangan seminar tashkil etildi.
Tadbirdan koʻzlangan asosiy maqsad, nodavlat taʼlim tashkilotlari faoliyatini takomillashtirish, ularda sifat va samaradorlik koʻrsatkichlarini oshirish hamda Taʼlim inspeksiyasi tomonidan oʻtkazilgan oʻrganishlar davomida aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish boʻyicha oʻzaro fikr almashishdan iborat.
Tadbir davomida Taʼlim inspeksiyasi tomonidan 2022-yil yanvar-mart oylarida respublikamizdagi nodavlat taʼlim tashkilotlarida oʻtkazilgan oʻrganish natijalari, maxsus elektron tizim orqali ayrim faoliyat turlarini litsenziyalash, ruxsat berish va xabardor qilish tartib-taomillarini amalga oshirish boʻyicha atroflicha maʼlumot berib oʻtildi.
Taʼlim inspeksiyasi boshligʻi oʻrganish natijalari boʻyicha amalga oshirilishi lozim boʻlgan vazifalarga toʻxtalib oʻtar ekan, nodavlat taʼlim tashkilotlariga yaratilgan imkoniyatlar haqida ham oʻz fikrlarini bildirib oʻtdi.
“Muhtaram Prezidentimiz tomonidan taʼlimga berilayotgan eʼtibor natijasida, soʻnggi yillarda davlat va nodavlat taʼlim xizmatlarini koʻrsatishda keng imkoniyatlar yaratildi. Buning natijasida taʼlimda sogʻlom raqobat muhitini shakllanmoqda.
Xususan, Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 21-fevraldagi 80-son va 2022-yil 25-fevraldagi 88-sonli qarorlari bilan ushbu yoʻnalishda litsenziyalashning yangi talablari va tartiblari ishlab chiqildi.
Bu islohotlarning barchasi avvalo, mamlakatimiz taʼlim tizimini yanada takomillashtirish hamda bu borada xususiy sektorga kengroq imkon yaratishga qaratilgan. Oldimizda turgan eng muhim vazifa esa taʼlimni mehnat bozori va amaliyot bilan bogʻlagan holda olib borishdir.
Bunda esa sifat va samaradorlik koʻrsatkichlarining muntazam oshib borishi juda muhim. Zero yoshlarimiz Sizlar rahbarlik qilayotgan taʼlim tashkilotlarida bugungi kun uchun eng zarur boʻlgan bilim va koʻnikmalarni egallashlari lozim.
Bu borada esa Taʼlim inspeksiyasi Sizlar bilan muntazam ravishla fikr almashish va hamkorlik qilishga tayyor”, – dedi Taʼlim inspeksiyasi boshligʻi.
Tadbir yakunida ishtirokchilarni qiziqtirgan savollarga Taʼlim inspeksiyasi mutasaddilari tomonidan atroflicha javob qaytarildi.
Taʼkidlash lozim, oʻtgan yillar davomida taʼlim sohasini takomillashtirish boʻyicha yaratilgan imkoniyatlar natijasida mamlakatimizda nodavlat taʼlim tashkilotlari soni 2017-yilga taqqoslaganda qariyb 10 baravarga oshdi. Bu borada oʻsish koʻrsatkichlari muntazam davom etmoqda.