Vazirlar Mahkamasida Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi, boshqa vazirlik va idoralar hamda hududlar rahbarlari tomonidan raqamli iqtisodiyotni, dasturiy mahsulotlarning mahalliy bozorini taraqqiy ettirish, zamonaviy axborot va kommunikatsiya texnologiyalarini keng joriy qilish, hududlarda IT parklar faoliyatini kengaytirish va startap loyihalarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha ko‘rilayotgan tadbirlar holati tanqidiy tahlil qilindi.
So‘nggi yillarda davlat boshqaruvi organlari va iqtisodiyot tarmoqlarida raqamli texnologiyalarni rivojlantirish, hududlarda IT kompaniyalar uchun zarur infratuzilma yaratish va yoshlarda IT bilimlarga qiziqishni va ushbu yo‘nalishdagi ishlar samaradorligini oshirish choralari ko‘rilayotgani qayd etildi.
Xususan, “Raqamli O‘zbekiston — 2030” strategiyasi doirasida elektron hukumatni rivojlantirishga qaratilgan 120 ta, shuningdek, iqtisodiyot tarmoqlarida raqamli texnologiyalarni joriy qilish bo‘yicha 80 ta loyiha amalga oshirildi, elektron davlat xizmatlari 324 taga yetkazildi.
“Raqamli bojxona” axborot tizimini joriy etish orqali yuklarni deklaratsiya qilish vaqtini to‘rt barobar qisqartirishga erishildi, besh mingdan ortiq quduqning ma'lumotlar va geofizik tadqiqot natijalarini raqamlashtirish asosida 130 ta konning raqamli modeli ishlab chiqildi.
IT infratuzilmani kengaytirish maqsadida Toshkent, Guliston, Jizzax, Samarqand, Andijon, Marg‘ilon va Urganch shaharlarida IT park filiallari va Nukus, Navoiy, Buxoro shaharlarida vaqtinchalik filiallari tashkil etilib, ular orqali joylardagi 572 ta startap loyihani qo‘llab-quvvatlash imkoniyati yaratildi va 113 ta loyihaga jami 82,8 milliard so‘m miqdorida grant ajratildi.
IT park rezidentlari soni 566 taga yetdi, shundan 18 tasi chet el kapitali ishtirokidagi kompaniyadir. Joriy yil birinchi choragida ular tomonidan ko‘rsatilgan xizmatlar qiymati 500 milliard so‘mga yetdi, eksport hajmi esa 16 million AQSh dollarini tashkil etdi. “Bir million dasturchi” loyihasi doirasida 2,4 million foydalanuvchi ro‘yxatga olindi, shundan 1,12 million nafari o‘quv kurslarini muvaffaqiyatli tamomlab, tegishli sertifikatlarga ega bo‘ldi.
Shuningdek, tahlil natijalariga ko‘ra, Moliya, Transport, Investitsiyalar va tashqi savdo vazirliklari elektron hukumatni rivojlantirish bo‘yicha ustuvor loyihalarni yakuniga yetkazmagani aniqlandi.
Iqtisodiyot tarmoqlarida zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy qilish bo‘yicha ustuvor loyihalar kechikishiga yo‘l qo‘ygan “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ, “O‘zbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki” AJ, “Qishloqqurilishbank” ATBga bu masalaga alohida e'tibor qaratish topshirildi. Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Buxoro va Namangan viloyatlarida zarur infratuzilmani rivojlantirish ishlari yakuniga yetkazilmagani qayd etildi.
Soha, tarmoq va hudud rahbarlarining e'tiborini qaratish zarur bo‘lgan tizimli vazifalar belgilab berildi:
birinchidan, yangi elektron davlat xizmatlarini joriy qilishni faollashtirish va davlat organlaridagi biznes jarayonlarni reinjeniring asosida ko‘rib chiqishga alohida ahamiyat qaratildi;
ikkinchidan, yashirin iqtisodiyotni qisqartirish va elektron tijorat sohasini yanada rivojlantirishning qonunchilik hujjatlarini takomillashtirish, bozor ishtirokchilariga teng sharoit yaratish va ularni qo‘llab- quvvatlash choralarini ko‘rish zarurligi ta'kidlandi;
uchinchidan, IT park rezidentlarning asosiy qismi (84 foizi) Toshkent shahriga to‘g‘ri kelgani inobatga olinib, hududlarda IT kompaniyalar uchun qo‘shimcha shart-sharoitlar yaratishga qaratilgan chora-tadbirlar belgilandi;
to‘rtinchidan, startap ekotizimni yanada rivojlantirish, oliy ta'lim muassasalarida startap loyihalarni qo‘llab-quvvatlash va biznes g‘oyalarni inkubasiya qilish markazlarini tashkil etish zarurligi ko‘rsatib o‘tildi;
beshinchidan, davlat va xo‘jalik boshqaruv organlaridagi xodimlarning IT bo‘yicha bilimini oshirish, alohida hududlarda yoshlarni raqamli bilimlarni egallashga jalb etish yo‘nalishlari belgilab berildi.
Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi, viloyatlar hamda tegishli vazirlik va idoralar rahbarlariga axborot texnologiyalari sohasini yanada qo‘llab-quvvatlash, yoshlarni ushbu sohaga ko‘proq jalb qilish hamda IT park infratuzilmasini rivojlantirish ishlarini kuchaytirish bo‘yicha samarali choralar ko‘rish vazifasi topshirildi.
Manba: «Yangi O"zbekiston»