O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Bangladeshdagi Amerika Xalqaro universiteti rahbariyati bilan ta’lim hamda AKT sohalarida hamkorlik qilish masalalari muhokama qilindi
2022-04-14 | Ta’lim
Bugun, 14-aprel kuni Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri Sherzod Shermatov Bangladeshdagi Amerika Xalqaro universiteti Vasiylik kengashi raisi Doktor Xasanul A. Xasan bilan uchrashdi.
Uchrashuvda AKT vazirligi xodimlari va xalqaro universitetdan iborat delegatsiya ham ishtirok etdi.
Uchrashuvda O‘zbekistonda ta’lim sohasining rivojlanishi bilan tanishish, shuningdek, hamkorlik imkoniyatlari muhokama qilindi.
Ta’kidlash kerakki, Amerika Xalqaro universiteti – Bangladesh (AXUB) (American International University - Bangladesh (AIUB)) 1994 yilda Dakka shahrida tashkil etilgan. Bugungi kunda universitetda 9500 dan ortiq talaba tahsil olmoqda.
Professor-o‘qituvchilar tarkibi mahalliy va xorijiy mutaxassislar – 350 nafar o‘qituvchilardan iborat. Universitetda 4 ta fakultet va 16 ta xalqaro akkreditasiyadan o‘tgan dasturlar mavjud.
Uchrashuv davomida ikki tomonlama ta’lim va axborot texnologiyalari sohalarida loyiha hamda istiqbolli chora-tadbirlar, shuningdek, AKT sohasi uchun malakali kadrlar tayyorlash, ilg‘or loyihalarni amalga oshirish masalalariga e’tibor qaratildi.
Manba: O‘zbekiston Respublikasi Raqamli texnologiyalar vazirligi