Birlashgan Millatlar Takilotining Taraqqiyot Dasturi Toshkentdagi vakolatxonasida yangi qo‘shma loyihaning yo‘lga qo‘yilishiga bag‘ishlangan tadbir bo‘lib o‘tdi.
Unda O‘zbekistondagi bir qator diplomatik vakolatxona vakillari, Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi mutasaddilari hamda ommaviy axborot vositalari ishtirok etdi.
Dastlab Birlashgan Millatlar Tashkilotining Taraqqiyot Dasturi tashabbusi bilan yo‘lga qo‘yilgan “Afg‘oniston fuqarolarini o‘qitish va kasbiy tayyorlash bo‘yicha Surxondaryo viloyatining salohiyatini oshirish” nomli yangi loyiha haqida ma'lumot berildi. Ushbu loyiha Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi bilan hamkorlikda amalga oshirilishi qayd etildi.
Tadbir davomida loyihada nazarda tutilgan 345 nafar afg‘on yoshlarini Termizdagi Afg‘oniston fuqarolarini o‘qitish ta'lim markazida o‘qitishni moliyalashtirish hamda ushbu ta'lim markazining moddiy-texnik bazasini yanada mustahkamlash masalalari muhokama qilindi.
Bundan tashqari, 100 nafar Afg‘oniston fuqarosini bir yillik texnik, kasbiy ta'lim va tayyorgarlik dasturi doirasida o‘qitish hamda 100 nafar afg‘onistonlikning qisqa muddatli (3-4 oylik) kasbiy kurslarda ta'lim olishini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha ham fikr almashildi.
Ma'lumot o‘rnida, bugungi kunda Afg‘oniston fuqarolarini o‘qitish ta'lim markazida oliy ta'limning bakalavr bosqichida tahsil olayotgan afg‘onistonlik talabalar soni 145 nafarni tashkil etadi.
Taraqqiyot Dasturi vakili tomonidan loyihani moliyalashtiruvchi Yevropa Ittifoqi bo‘lib, tashabbus uchun ushbu xorijiy tashkilot tomonidan 1 mln. yevro miqdorida mablag‘ ajratilgani ma'lum qilindi.
Mazkur loyihadan ko‘zlangan maqsad O‘zbekistonda afg‘on yoshlariga, jumladan vaqtincha mamlakatimiz hududida yashab turgan yosh fuqarolariga kasbiy ta'lim berish orqali ularni gumanitar jihatdan qo‘llab-quvvatlashdir.
Manba: O‘zbekiston Respublikasi Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi