O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Toshkentda nogironlar huquqlarining taʼminlanishi mavzusiga bag‘ishlangan seminar-trening ish boshladi
2022-04-12 | Jamiyat
Bugun poytaxtimizda “O‘zbekiston Respublikasining Nogironlar huquqlari to‘g‘risidagi konvensiyaga rioya etishi yuzasidan muqobil maʼruza tayyorlashda nodavlat notijorat tashkilotlarning salohiyatini oshirish” mavzusiga bag‘ishlangan seminar-trening o‘z ishini boshladi.
Inson huquqlari bo‘yicha Milliy markaz Matbuot xizmatidan maʼlum qilinishicha, ushbu ikki kunlik tadbir mazkur markaz, O‘zbekiston nogironlar assotsiatsiyasi, shuningdek, BMT Inson huquqlari bo‘yicha oliy komissari Boshqarmasining Markaziy Osiyodagi Mintaqaviy vakolatxonasi, BMT Taraqqiyot dasturi, YUNISEF, BMT Aholishunoslik jamg‘armasining O‘zbekistondagi vakolatxonalari, BMTning Nogironligi bo‘lgan shaxslar huquqlari bo‘yicha hamkorlik tuzilmasi tomonidan tashkil etildi.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o‘rinbosari, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori Akmal Saidov seminar-trening ishtirokchilarini qutlar ekan, BMTning Nogironlar huquqlari to‘g‘risidagi konvensiyasi O‘zbekiston Respublikasi tomonidan 2021 yil 7 iyunda ratifikatsiya qilinganini qayd etdi. Shu o‘rinda Konvensiyaning asosiy maqsadi nogironligi bo‘lgan shaxslar huquqlari tenglik asosida to‘liq amalga oshirilishini rag‘batlantirish, himoya qilish va taʼminlashdan iborat ekanligi alohida taʼkidlandi.
Bugungi kunda mamlakatimizda inson huquqlari va erkinliklarini taʼminlash, milliy qonunchilikni takomillashtirish, aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlari huquqlarini himoya qilish yuzasidan jamoatchilik monitoringini olib borish, xalqaro majburiyatlarni bajarish bo‘yicha milliy va muqobil maʼruzalar tayyorlash jarayonlarida fuqarolik jamiyati institutlari faol ishtirok etmoqda.
Bu omil, ayniqsa, BMTning Nogironlar huquqlari to‘g‘risidagi konvensiyasini nafaqat ratifikatsiya qilish, ayni chog‘da, uning ijrosini taʼminlash jarayonlariga ham davlat tuzilmalari bilan bir qatorda nodavlat notijorat tashkilotlari keng jalb etilgani misolida yaqqol namoyon bo‘lmoqda.
Yurtimizda nogironlik sohasida 600 ga yaqin nodavlat notijorat tashkiloti faoliyat yuritmoqda. Mazkur tashkilotlar vakillari BMTning Nogironlar huquqlari to‘g‘risidagi konvensiyasini ratifikatsiya qilishda faol ishtirok etdi.
Konvensiya ratifikatsiya qilingandan so‘ng uning ijro etilishi sohasida bir qancha ishlar amalga oshirildi. Xususan, Konvensiya qoidalarini amalga oshirish bo‘yicha ishlab chiqilgan Milliy harakatlar rejasi xalqaro ekspertlar, xalqaro tashkilotlar va fuqarolik jamiyati vakillari tomonidan berilgan takliflar asosida takomillashtirildi. Milliy harakatlar rejasini Inson huquqlari sohasida O‘zbekiston Respublikasining xalqaro majburiyatlariga rioya etilishi bo‘yicha Parlament komissiyasiga kiritish rejalashtirilgan.
Maʼlumki, BMTning Nogironlar huquqlari to‘g‘risidagi konvensiyasida ishtirok etuvchi davlatlar Konvensiyani ratifikatsiya qilganidan so‘ng dastlab 2 yil ichida, keyinchalik har 4 yilda bir marta milliy maʼruzani taqdim etishi zarur.
Nogironlar huquqlari to‘g‘risidagi konvensiya qoidalarini bajarish yuzasidan O‘zbekiston Respublikasining daslabki milliy maʼruzasini 2023 yil iyul oyida topshirish mo‘ljallangan. Shu bilan birga, BMTning tegishli qo‘mitalari fuqarolik jamiyati vakillari tomonidan taqdim etiladigan muqobil maʼruzalarni olqishlaydi.
Bu, o‘z navbatida, davlat organlari va fuqarolik jamiyati vakillarini yana-da faol bo‘lishga chorlaydi. Shu munosabat bilan joriy seminar-treningda O‘zbekistonning Nogironlar huquqlari to‘g‘risidagi konvensiyaga rioya etishi yuzasidan muqobil maʼruza tayyorlashda inson huquqlari bo‘yicha milliy institutlarning salohiyatini oshirish masalasiga alohida eʼtibor qaratilmoqda.
Trening davomida “Nogironlar huquqlari to‘g‘risidagi konvensiya – huquq standartlari va unsurlari”, “BMT Nogironlar huquqlari bo‘yicha qo‘mitasining milliy maʼruzalarni ko‘rib chiqish bilan bog‘liq faoliyati tahlili”, “Muqobil maʼruzalarni tayyorlashga doir talablar” kabi mavzular muhokama qilinadi.
Mashg‘ulotlarni BMT Inson huquqlari bo‘yicha oliy komissari Boshqarmasining Markaziy Osiyodagi Mintaqaviy vakolatxonasi milliy dasturlari muvofiqlashtiruvchilari Erkin Isaqulov va Yuliya Voslava olib bormoqda.
Manba: “Dunyo” axborot agentligi