O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

Qodiriyni yod etib

2022-04-08 | Madaniyat

Poytaxtimizdagi Abdulla Qodiriy uy-muzeyida o‘zbek romanchiligining asoschisi, sevimli adibimiz tavalludining 128 yilligiga bag‘ishlangan ma’naviy-ma’rifiy tadbir bo‘lib o‘tdi.

Unda O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zolari, shoir va yozuvchilar, Islom Karimov nomidagi Toshkent davlat texnika universiteti ilmiy-pedagogik jamoasi, talaba-yoshlar ishtirok etdi. 

Toshkent davlat texnika universiteti rektori Sadriddin Turobjonov keyingi yillarda Abdulla Qodiriy xotirasini e’zozlash masalasi yurtimiz ma’naviy hayotida muhim ahamiyat kasb etayotganini ta’kidladi. 

Abdulla Qodiriyning nevarasi Xondamir Qodiriy Prezidentimiz tashabbusi bilan 2019 yilda barpo etilgan ushbu uy-muzeyi adabiyot muxlislari bilan hamisha gavjum ekanini ta’kidladi. Adabiyotga ko‘rsatilayotgan e’tibor natijasida ulug‘ adib yashagan mazkur xonadon bugun yana adabiyot, ma’rifat  maskaniga aylandi. bugungi kunda bu yerda o‘quvchi va talabalar uchun adabiyot saboqlari o‘tkazilayotgani e’tiborga molikdir. 

...1937-yil 31-dekabriga qadar bu xonadonga har kuni mehmonlar, ziyolilar, ilm ahli doimiy kelib turgan ekan. Abdulla Qodiriy qisqa vaqt umr ko‘rgan bo‘lsa-da, g‘oyat samarali, barakali ijod qilgan adibdir. Xalqni manqurtlikdan ogoh etish, millat qayg‘usi, or-nomus, insof-diyonat adib ijodida ustuvor o‘rin tutadi. Otasi Qodir boboning yarim umrini ham yashab ulgurmagan, 44 yillik umrini zalvorli asarlar yaratishga bag‘ishlagan Abdulla Qodiriy chinakam ma’naviy jasorat sohibi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi.  

Adib “Mushtum” jurnali tashkilotchilaridan va tahrir hay’ati a’zosi bo‘lgan edi. “To‘y”, “Ahvolimiz”, “Millatimga”, “Fikr aylagil” kabi she’rlari, “Baxtsiz kuyov” dramasi, “Juvonboz” hikoyasi yozuvchining dastlabki asarlaridir. “Uloqda” hikoyasi, “Kalvak Maxzumning xotira daftaridan”, “Toshpo‘lat tajang nima deydir?”  kabi satirik hikoyalari adabiyot muxlislari tomonidan sevib mutolaa qilinadi.   

“O‘tkan kunlar”, “Mehrobdan chayon” romanlari, “Obid ketmon” povesti yozuvchining ulkan mahoratini, o‘z millatiga, xalqiga bo‘lgan chin muhabbatini o‘zida mujassam etgan. Abdulla Qodiriy bir qator jahon va rus klassiklarining asarlarini ona tilimizga tarjima qilgan edi. Adib 1991-yili Alisher Navoiy nomidagi Respublika Davlat mukofoti laureati, 1994 yili esa “Mustaqillik” ordeni bilan mukofotlangan edi. 

– Abdulla Qodiriy uy-muzeyiga kelgan har bir inson “O‘tkan kunlar” romanidagi Yusufbek Hoji xonadonidagi muhitni his etgandek bo‘lamiz, – dedi  publitsist Baxtiyor Haydarov. – O‘zbekona oriyat, hamiyat, odob, muomala-munosabat bunda yaqqol ko‘zga tashlanadi. Demakki, bu hovli xonadonga yig‘ilib, adabiy gurunglar, uchrashuvlar o‘tkazish yoshlarga Qodiriy asarlari ruhini teran anglatish imkonini beradi. 

Tadbirda Abdulla Qodiriy ijodi, uning murakkab hayot yo‘li, asarlarining ahamiyati xususida batafsil so‘z yuritildi. 

Ulug‘ adib asarlari asosida sahnalashtirilgan  spektakllar namoyish etildi. Abdulla Qodiriy nomidagi ijod maktabi o‘quvchilari tomonidan tayyorlangan badiiy dastur namoyish etildi. 

Nazokat Usmonova

Manba: O'zA

Поделиться