Joriy yilning 7-8 aprel kunlari O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari - investitsiyalar va tashqi savdo vaziri S.Umurzakov raisligidagi hamda vazirliklar, idoralar, tarmoq birlashmalari va tijorat banklari rahbarlaridan iborat Tashqi savdo, investitsiyalar, mahalliy sanoatni rivojlantirish va texnik jihatdan tartibga solish masalalari bo‘yicha Hukumat komissiyasi bevosita joylarga chiqqan holda, Jizzax viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishni yanada rag‘batlantirish chora-tadbirlarini ishlab chiqish maqsadida olib borilayotgan sa'y-harakatlarning hozirgi holatini o‘rgandi, shuningdek, mahalliy tadbirkorlar va eksportchilar bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri ish olib bordi.
8-aprel kuni Jizzax shahrida ishbilarmon doiralar vakillari bilan tashkil etilgan uchrashuv olib borilgan ishlarga yakun yasadi. Unda o‘z xo‘jalik faoliyati jarayonida viloyat tadbirkorlari va eksportchilari duch kelayotgan muammolar atroflicha muhokama etildi.
Tadbirda 300 dan ortiq tadbirkor va eksportchilar qatnashdi, ularning deyarli har biri o‘zining masalalarini hal etishda yordam so‘rab, Komissiya rahbariyatiga murojaat qilish imkoniga ega bo‘ldi. Ko‘tarilgan masalalar asosan kredit resurslarini ajratish, ilgari olingan kreditlar bo‘yicha foiz to‘lovlarini uzaytirish, turli ruxsatnomalar va litsenziyalar olish, kommunal – muhandislik tarmoqlarga ulanish, eksportga yetkazib berish uchun xorijiy mijozlarni topish bilan bog‘liq edi.
Har bir muammo ustida tegishli vazirlik, idora va viloyatning tuman va shaharlarining mahalliy hokimiyat organlari rahbarlarini jalb etgan holda ish olib borildi. Muammolarning tahlili va keng muhokamasi natijasida ularni hal qilish yuzasidan ishlab chiqilgan algoritmlar belgilangan vaqt ichida tegishli choralarini ko‘rish uchun darhol tegishli tuzilmalarga yuborildi.
O‘rganilgan holatlar, shuningdek, ularning tizimli xususiyatga ega bo‘lgan hal qilish mexanizmlari Hukumat komissiyasi darajasida qarorlar qabul qilish va keyinchalik ularni mamlakatning boshqa hududlarida ham joriy qilish uchun tajriba sifatida qabul qilindi.
Tadbir ijtimoiy tarmoqlarda onlayn tarzda uzatib borildi. Bu bilan yig‘ilishda shaxsan ishtirok eta olmagan tadbirkorlar va eksportchilarga Facebook va Instagram ijtimoiy tarmoqlarida Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligining rasmiy sahifalari orqali Hukumat komissiyasi rahbariyatiga o‘z savollarini yuborishga imkon yaratildi. Har bir onlayn tarzda yuborilgan murojaat yuzasidan qaror qabul qildi va ijrosi nazoratga olindi.
Yig‘ilish yakunlari bo‘yicha mutasaddi rahbarlarga aniqlangan masalalarni hal qilish bo‘yicha manzilli ko‘rsatmalar berildi. O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi belgilab berilgan vazifalarning bajarilishini nazorat qiladi.
Manba: O‘zbekiston Respublikasi investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi