O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Jahon banki bilan qoʻshma loyiha doirasida hududlarda BPO markazlarini yaratish va jihozlash rejalashtirilmoqda
2022-04-08 | Iqtisodiyot
Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri Sherzod Shermatov Yevropa va Markaziy Osiyoda raqamli rivojlanish amaliyoti menejeri v.b Nikol Klingen uchrashuv o‘tkazdi.
Uchrashuvda “O‘zbekistonda inklyuziv raqamlashtirish” keng ko‘lamli loyihasini amalga oshirish masalalari muhokama qilindi.
Shuningdek, raqamli iqtisodiyot, elektron hukumat, raqamli infratuzilma va IT-taʼlimni rivojlantirish boʻyicha chora-tadbirlarni amalga oshirishda Jahon Banki bilan bevosita hamkorlik qilish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Ta’kidlanganidek, yoshlarni AKT sohasiga keng jalb etish orqali ularning bandligini oshirish, yuqori haq to‘lanadigan ish o‘rinlarini yaratish vazirlik faoliyatidagi ustuvor vazifalardan biri hisoblanadi. Shuni hisobga olgan holda, Jahon banki ishtirokida “O‘zbekistonda inklyuziv raqamlashtirish” loyihasi doirasida masofaviy xizmatlar ko‘rsatish markazlarini (BPO-markazlari) tashkil etish va jihozlash ko‘zda tutilgan.
Tomonlar ushbu loyiha O‘zbekistonning raqamli rivojlanishi doirasida muhimligini qayd etib, uni samarali amalga oshirish va AKT sohasidagi hamkorlikni kengaytirish uchun barcha sa’y-harakatlarni safarbar etishga tayyor ekanliklarini bildirdilar.
Manba: O‘zbekiston Respublikasi Raqamli texnologiyalar vazirligi