O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Bosh prokuratura mas’ullari Xalqaro valyuta jamg‘armasi vakillari bilan uchrashdi
2022-04-08 | Siyosat
O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasida Xalqaro valyuta jamg‘armasining O‘zbekiston bo‘yicha missiyasi rahbari Ron van Ruden boshchiligidagi delegatsiyaning O‘zbekistonga tashrifi doirasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuvda Xalqaro valyuta jamg‘armasi vakillari P.Trabinski, L.Dvayt, K.Ross va M.Rasasi hamda Bosh prokuratura huzuridagi Departament boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari U.Muhamedov, Bosh prokuratura boshqarma boshlig‘i L.Jalov va boshqalar ishtirok etdi.
Kun tartibiga muvofiq, mavjud global tahdidlarning O‘zbekistonga ta’sirini yumshatish va mamlakatning uzoq muddatli istiqbolda mustahkam, barqaror va inklyuziv iqtisodiy o‘sishini ta’minlashga qaratilgan sa’y-harakatlar muhokama qilindi.
Bundan tashqari, korrupsiyaga qarshi kurashish, jinoiy daromadlarni legallashtirish va terrorizmni moliyalashtirishga qarshi kurashish bilan bog‘liq muhim masalalarga e’tibor qaratildi. Shuningdek, mazkur sohadagi milliy tizimni mustahkamlash maqsadida xalqaro hamkorlikni kuchaytirish yuzasidan chora-tadbirlar muhokama qilindi.
O‘tkazilgan bu kabi uchrashuvlar mazkur sohadagi milliy tizim salohiyati oshishiga, xalqaro va mintaqaviy hamkorlikning kuchayishiga xizmat qiladi.
Manba: O'zA