O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
SHHT a'zo-davlatlari Ilm-fan va texnika bo'yicha Doimiy ishchi guruhning yig'ilishi bo'lib o'tdi
2022-04-08 | ShHT
Toshkent shahrida O'zbekiston tomoni raisligida Shanxay hamkorlik tashkiloti (SHHT) a'zo-davlatlari Ilm-fan va texnika bo'yicha Doimiy ishchi guruhning yig'ilishi bo'lib o'tdi. Unda 8-aprel kuni bo'lib o'tadigan SHHT a'zo-davlatlari Ilm-fan va texnika bo'yicha rahbarlarining Oltinchi yig'ilishida ko'riladigan masalalar tomonlar o'rtasida muhokama qilindi.
SHHT a'zo-davlatlari ilm-fan va texnika bo'yicha rahbarlarining Oltinchi yig'ilishida SHHT a'zo-davlatlarining ilmiy-texnika sohasidagi 2022–2025 yillardagi hamkorlik rejasi muhokama qilinadi. Shuningdek, O'zbekiston tomoni tashabbusi bilan kun tartibiga kiritilgan SHHT a'zo-davlatlari hamkorligida sun'iy intellekt rivojlantirish Dasturi va boshqa ko'plab masalalar ko'rib chiqiladi.
SHHT a'zo-davlatlari ilm-fan va texnika bo'yicha rahbarlari yig'ilishi 2010 yildan beri o'tkazib kelinmoqda. Mazkur tadbir ilmiy-texnik va innovatsion hamkorlikni o'rnatish va takomillashtirish uchun samarali maydon bo'lib, SHHT a'zo-davlatlari o'rtasida ilm-fan va texnika sohalari o'zaro manfaatli rishtalarining yanada mustahkamlanishiga xizmat qiladi.
Manba: O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish agentligi