Joriy yilning 5-aprel kuni vazirliklar, idoralar, tarmoq birlashmalari va tijorat banklari rahbarlaridan iborat O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari S.Umurzakov raisligidagi Tashqi savdo, investitsiyalar, mahalliy sanoatni rivojlantirish va texnik jihatdan tartibga solish masalalari bo‘yicha Hukumat komissiyasi Samarqand viloyati shahar va tumanlarining ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishining joriy holatini o‘rganish hamda investitsiyaviy, sanoat va eksport salohiyati va imkoniyatlarini ishga solish bo‘yicha takliflar ishlab chiqish maqsadida mazkur hududga yo‘l oldi.
Tashrif davomida Samarqand shahridagi Yoshlar ijodi saroyida viloyat tadbirkorlari va eksportchilari bilan uchrashuv tashkil etildi.
Uchrashuvdan ko‘zlangan maqsad - tizimli masalalarni muhokama va tahlil qilish hamda mas'ul tuzilmalarni jalb qilgan holda ishbilarmonlar muammolarini tezkor hal qilish.
Tadbirda ishtirok etgan 200 dan ortiq tadbirkorlar investitsiyaviy loyihalarni amalga oshirish, ishlab chiqarish va eksportga yetkazib berish jarayonida duch kelayotgan masalalarni ko‘tarib chiqish imkoniga ega bo‘ldi.
Muhokama davomida hududdagi tadbirkorlar asosan ishlab chiqarishni kengaytirish, investitsiyaviy loyihalarni amalga oshirish yoki aylanma mablag‘larni to‘ldirish uchun kredit mablag‘larini ajratish, ruxsatnomalar, sertifikatlar va litsenziyalar olish, muhandislik kommunikasiyalarga ulanish, shuningdek, yer ajratish bilan bog‘liq muammolarga duch kelishlari aniq bo‘ldi.
Ko‘tarilgan har bir masala Komissiya a'zolari tomonidan tegishli vazirliklar, idoralar, mahalliy hokimiyat organlari rahbarlari ishtirokida har tomonlama ko‘rib chiqildi. Har bir muammoni amaliy hal qilish mexanizmlari ishlab chiqilib, tegishli rahbarlarga ijro etish muddatlari aniq belgilangan holda manzilli ko‘rsatmalar berildi.
Shuningdek, vazirliklar, idoralar, tijorat banklari va mahalliy hokimiyat organlari rahbarlariga kelib tushayotgan murojaatlar yuzasidan zudlik bilan zarur choralar ko‘rish maqsadida tadbirkorlar bilan hamkorlikni faollashtirish topshirildi.
Uchrashuv yakunida mutasaddi rahbarlarga tadbirkorlar va eksportchilarning muammolarini hal qilish bo‘yicha aniq topshiriqlar berildi. Komissiya topshiriqlarining bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi tomonidan amalga oshiriladi.
Manba: O‘zbekiston Respublikasi investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi