O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Xalq deputatlari Fargʻona viloyat Kengashi sessiyasida ikki muhim masala muhokama qilindi
2022-04-06 | Sog‘liqni saqlash
Xalq deputatlari Fargʻona viloyat Kengashining navbatdagi sessiyasi boʻlib oʻtdi.
Unda Oliy Majlis Senatining Fan, taʼlim va sogʻliqni saqlash masalalari qoʻmitasi raisi Odiljon Iminov, viloyatdan saylangan Senat aʼzolari, deputatlar hamda tegishli davlat va jamoat tashkilotlari rahbarlari ishtirok etdi.
Dastlab Oliy Majlis Senatining Fan, taʼlim va sogʻliqni saqlash masalalari qoʻmitasining 2022-yil ish rejasiga koʻra, oʻtgan oyda Senat ishchi guruhi tomonidan Fargʻona viloyatida olib borilgan oʻrganishlar natijalari muhokama qilindi. Ishchi guruhi rahbari Odiljon Iminov aholi orasida eng koʻp tarqalgan va erta oʻlimning asosiy sababi boʻlgan kasalliklarni barvaqt aniqlash, maqsadli skrining tadbirlarini amalga oshirish, profilaktik maxsus preparatlar bilan bepul taʼminlash hamda sogʻlom turmush tarzini keng targʻib etish borasida hududda amalga oshirilgan ishlar boʻyicha maʼlumot berdi.
Taʼkidlanganidek, viloyatdagi 3 milllion 683 ming 526 nafar (96,5 foiz) fuqaro toʻliq xatlov va antropometriyadan oʻtkazilib, ularning maʼlumotlari elektron bazaga kiritildi. Maqsadli skrining tadbirlari, sogʻlom turmush targʻiboti, sifatli tibbiy xizmatni chekka hududlar aholisiga yaqinlashtirish borasida ham eʼtirofga molik natijalarga erishilmoqda. Shu bilan birga ushbu sohada hal qilinishi lozim boʻlgan muammolar ham bor.
Sessiya kun tartibidagi ikkinchi masala – mamlakatimizda joriy yilning may oyida oʻtkazilishi belgilangan fuqarolar yigʻinlari raislari (oqsoqollari)ning navbatdagi sayloviga tayyorgarlik jarayoni bilan bogʻliq ishlar atroflicha koʻrib chiqildi. Fuqarolar yigʻinlari raislari (oqsoqollari) saylovini tashkil etish va oʻtkazishga koʻmaklashuvchi viloyat komissiyasi tarkibi tanishtirildi.
Sessiya yakunida koʻrilgan masalalar yuzasidan tegishli qarorlar qabul qilindi.
Botir Madiyorov
Manba: «Xalq So'zi»