Germaniya kompaniyasi bilan hamkorlikda korxonalarning dual ta'limda ishtiroki rag‘batlantiriladi
Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligida Germaniyaning KfW banki tomonidan moliyalashtiriladigan “Professional ta'lim tizimini takomillashtirish” loyihasini amalga oshirishga doir navbatdagi uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Unda Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirining birinchi o‘rinbosari Komiljon Karimov boshchiligidagi mas'ullar hamda Germaniyaning KfW banki tomonidan mazkur loyihani amalga oshirish bo‘yicha loyihaoldi hujjatlarni ishlab chiqish uchun yollangan "Planco Consulting GMBH" kompaniyasining xorijiy va mahalliy ekspertlari ishtirok etishdi.
Kun tartibidagi asosiy masala sifatida "Planco Consulting GMBH" kompaniyasi bilan hamkorlikda loyiha doirasida quyidagi ishlarni amalga oshirish yuzasidan o‘zaro fikr almashildi. Xususan:
- respublika bo‘yicha har bir hududda kasbga o‘qitishda ilg‘or tajribalar markazlarini tashkil etish;
- ish beruvchilar bilan hamkorlikda amaliy mashg‘ulotlarni yo‘lga qo‘yish va korxonalarning dual ta'limda ishtirokini rag‘batlantirish;
- ishga joylashish ko‘nikmalarini rivojlantirish bo‘yicha malaka oshirish kurslari, qisqa va uzoq muddatli treninglarni hamda mehnat bozoriga mutanosib kasbga o‘qitishni yo‘lga qo‘yish;
- ish beruvchilar bilan aloqalarni yo‘lga qo‘yish va mehnat bozoriga mos kasbga o‘qitish ta'lim dasturlarini ishlab chiqish va amalga oshirish hamda ishga joylashtirish xizmatlarini takomillashtirish. Shuningdek, til va kasb ko‘nikmalariga ega bo‘lgan mutaxassislar tayyorlash, loyiha doirasida tanlab olinadigan professional ta'lim muassasalarining o‘quv laboratoriya va ustaxonalarni zamon talablari asosida jihozlash, professional ta'lim dasturlarini takomillashtirish va metodik ta'minotini yanada kuchaytirish, ta'lim tizimida pedagogik kadrlar malakasini oshirish, bunda Germaniyadan malakali mutaxassislarni ushbu jarayonga jalb etish kabi masalalar ham muhokama etildi. "Planco Consulting GMBH" kompaniyasi birgalikda loyiha yuzasidan ishini 2022-yil 30-mart kunidan Farg‘ona viloyatidagi professional ta'lim muassasalarini o‘rganish bilan davom ettirishini ma'lum qildi.
Manba: O‘zbekiston Respublikasi Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi