O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Shomurodov xet-trek qayd etgan o‘yinda O‘zbekiston “Navruz Cup-2022”da g‘alaba qozondi
2022-03-29 | Sport
Namanganda o‘tkazilgan futbol bo‘yicha “Navruz Cup-2022” xalqaro turniri o‘z yakuniga yetdi. Uning finalida O‘zbekiston va Uganda milliy terma jamoalari g‘oliblik uchun to‘p tepishdi. Uchrashuv jamoamiz sardori Eldor Shomurodovning benefisiga aylanib ketdi.
O‘yinning dastlabki daqiqalari teng kurashlar ostida kechayotgandek edi guyo. Biroq, birinchi bo‘limning ikkinchi yarmida vakillarimiz vaziyatni tamomila o‘zgartirib yuborishdi.
34-daqiqada futbolchilarimiz tezkor qarshi hujum uyushtirishdi. Raqib himoyachisi hamda darvozabonning qo‘pol xatosidan foydalangan Jaloliddin Masharipov bo‘sh qolgan darvozani ishg‘ol etib, hisobni ochdi.
Oradan ko‘p o‘tmay Shomurodov va Azizbek Omonov devor uslubida o‘ynashdi va qulay vaziyatga chiqib borgan Eldor darvozaning olis burchagini aniq nishonga oldi – 2:0.
2-taym boshida mehmonlar hisobni qisqartirishdi. Himoyachilarimiz Faruku Miyaga jarima maydoni ichida erkin harakat qilish imkonini taqdim etdi va u darvozamizni ishg‘ol etdi.
Lekin Uganda terma jamoasi aʼzolarining quvonchi uzoqqa cho‘zilmadi. Tez orada yana o‘sha Eldorning jonbozligi natijasida vakillarimiz hisobni 3:1 ko‘rinishiga keltirib qo‘ydi. Maydon markazida to‘pni egallab olgan Shomurodov to‘pni qanotdagi sherigiga oshirdi va o‘zi qulay vaziyatga chiqib bordi. Buni o‘z vaqtida payqagan Erkinov to‘pni yana Eldorga oshirdi va “Roma” vakilining kuchli zarbasidan so‘ng to‘p darvoza to‘riga borib tushdi.
72-daqiqada Masharipov – Shomurodov kombinatsiyasi ham gol bilan yakunlandi. Bu safar Eldor jarima maydoni tashqarisidan kuchli zarb bilan to‘pni darvozaga joylab qo‘ydi – 4:1. Bundan ko‘rinib turibdiki, hamyurtimizga imkon bersa u gol urishni uddalaydi.
Ammo, 78-daqiqada Emmanuel Okvi hisobdagi farqni qisqartirishga erishdi. Ushbu hisob o‘yin oxirigacha o‘zgarmadi va O‘zbekiston milliy terma jamoasi “Navruz Cup-2022” xalqaro turnirida bosh sovrinni qo‘lga kiritdi.
3-o‘rin uchun kechgan bahsda Tojikiston terma jamoasi 1:0 hisobida Qirg‘izistondan ustun keldi.
Manba: O‘zbekiston Respublikasi Yoshlar siyosati va sport vazirligi