O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Qoraqalpog‘istonda Ellikqalʼa tumanining 45 yillik yubiley nishonlandi
2022-03-29 | Madaniyat
Ellikqalʼa tumani tashkil topganining 45 yilligi hamda Navro‘z bayramiga bag‘ishlangan yirik ommaviy tadbir bo‘lib o‘tdi. Tadbirni Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi raisi Murat Kamаlov tantanali nutq bilan ochdi.
Tadbirda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, Turizm va madaniy meros vazirligi, Ellikqalʼa tumani hokimligi vakillari hamda tuman aholisi ishtirok etdi. Shuningdek, Turizm va madaniy meros vazirligi tomonidan xorijiy va mahalliy ommaviy axborot vositalari vakillari hududning turistik imkoniyatlari bilan yaqindan tanish uchun tashkil etilgan press-tur ishtirokchilari ham tadbir ishtirokchilariga aylanishdi.
Tadbirda xalq o‘yinlari, hunarmandchilik ko‘rgazmalari, milliy sport turlari bo‘yicha musobaqalar, kitob ko‘rgazmalari, anʼanaviy marosimlar, Ellikqalʼa tumanining tashkil etilganidan to bugungi kungacha bo‘lgan davrga bag‘ishlangan fotogalereya va boshqa ko‘plab tadbirlar namoyish etildi.
Ellikqalʼa tumani 1977-yilda tashkil topgan bo‘lib, hududda 21 ta arxeologik, 10 ta meʼmoriy yodgorlik, 5 ta diqqatga sazovor joy va 3 ta ziyoratgoh mavjud. Xizmat ko‘rsatish sohasida 200 o‘rinli 4 ta yangi mehmonxona, 10 ga yaqin mehmon uyi, 2 ming o‘rinli markaziy stadion, yopiq basseyn, 3 ming o‘rinli amfiteatr faoliyat ko‘rsatmoqda.
Manba: O‘zbekiston Respublikasi Turizm va madaniy meros vazirligi