O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

Toshkent xalqaro investitsiya forumining yakunlari

2022-03-28 | Iqtisodiyot

Poytaxtimizda 1-Toshkent xalqaro investitsiya forumi (TXIF) o‘z ishini yakunladi. Tadbir 2 mingdan ortiq ishtirokchilarni – jahonning 56 mamlakatidan yirik investorlar va yuqori martabali mehmonlarni birlashtirgan biznes dunyosidagi muhim voqeaga aylandi.

Forum muhiti va uning sermazmun biznes dasturi ishonchli muloqotni, konstruktiv fikr almashishni hamda yangi aloqalar va sheriklik munosabatlarini o‘rnatishga chorlar edi.
 
Forum orqali mamlakat hukumati xalqaro ishbilarmonlar hamjamiyatiga investorlar uchun eng qulay va jozibali sharoitlarni yaratish hamda xorijiy hamkorlar va xalqaro tashkilotlar bilan o‘zaro manfaatli munosabatlarni har tomonlama chuqurlashtirishga qaratilgan sa'y-harakatlarning yo‘nalishlarini belgilab berdi.
 
Forumning panel' munozaralari va tadbirlari doirasida mamlakatimizning turli tarmoqlari va hududlarining investitsiyaviy va iqtisodiy imkoniyatlari ochib berildi, O‘zbekistonni ijtimoiy-iqtisodiy isloh qilish borasida erishilgan natijalar ko‘rib chiqildi. Shuningdek, mamlakatimizni yanada rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlari, mintaqaviy va jahon savdo aloqalarini rivojlantirish istiqbollari, investitsiyalarni jalb qilish mexanizmlari, savdoni liberallashtirish va milliy iqtisodiyotning raqobatbardoshligini oshirish, respublikani sanoatlashtirish va sanoatni yuqori qo‘shimcha qiymatli mahsulotlar ishlab chiqarishga yo‘naltirish bo‘yicha navbatdagi tadbirlar, mahalliy energetikani transformasiyalash va muqobil energiya manbalariga o‘tish chora-tadbirlari, mintaqa mamlakatlarining transport jihatidan o‘zaro bog‘liqligini mustahkamlash va ularning tranzit salohiyatini oshirish masalalari atroflicha ko‘rib chiqildi.
 
Hukumat, ishbilarmon va ekspert doiralari vakillari koviddan keyingi davrda iqtisodiy faoliyatni jadal rivojlantirishni tiklash va rag‘batlantirish, kambag‘allikni qisqartirish, pul-kredit siyosatini tartibga solish, biznesni qo‘llab-quvvatlash, bank sektori va moliya bozorini rivojlantirish mexanizmlarini muhokama qildilar.
 
Forum doirasida Savdo, iqtisod, investitsiyalar, texnika, madaniyat, sport va yoshlar masalalari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi va Saudiya Arabistoni Podshohligi o‘rtasidagi Hukumatlararo komissiyasining 5-yig‘ilishi, “Sanoat kooperatsiyasi. Yangi imkoniyatlar” O‘zbekiston-Xitoy investitsiyaviy forumi, shuningdek, xalqaro moliya institutlari, xorijiy hukumat moliyaviy tashkilotlari rahbarlari va rivojlanish bo‘yicha hamkorlar ishtirok etgan O‘zbekiston uchun “mamlakat platformasi” bo‘lib o‘tdi. Forum ishtirokchilari ikki tomonlama uchrashuv va muzokaralar chog‘ida ham faol fikr almashdilar va hamkorlik istiqbollarini muhokama qildilar.
 
Tadbirning amaliy ahamiyatini ham ta'kidlash joiz. Jumladan, Forum yakunlari bo‘yicha 7,8 mlrd dollarlik aniq shartnomalar va investisiyaviy bitimlar paketi imzolandi. Shuningdek, qiymati 3,5 milliard dollarlik loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha dastlabki kelishuvlarga erishildi.
 
TXIF o‘zini mintaqalararo va xalqaro aloqalarni mustahkamlash va rivojlantirish uchun keng ko‘lamli muloqot platformasi sifatida namoyish etib, mamlakatlararo va mintaqalararo investitsiyaviy va tashqi iqtisodiy hamkorlikning kuchli katalizatoriga aylandi. Ushbu Forum O‘zbekiston va butun Markaziy Osiyo mintaqasi iqtisodiyotiga xorijiy investitsiyalar va zamonaviy texnologiyalarni jalb qilish, shuningdek, mintaqa tadbirkorlari va xorijiy ishbilarmon doiralar o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalarni o‘rnatish maqsadida ularni qiziqtirgan yo‘nalishlarni kashf etish uchun doimiy maydonchaga aylanishi kutilmoqda.

Manba: O‘zbekiston Respublikasi investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi

Поделиться