O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
“Navro‘z Cup-2022”: O‘zbekiston irodali g‘alabaga erishdi, Sergeevdan dubl!
2022-03-25 | Sport
Namanganda bo‘lib o‘tayotgan musobaqada futbolchilarimiz Qirg‘iziston terma jamoasidan ustun kelishdi va endi finalda Uganda bilan kuch sinashadi.
Xabaringiz bor, bugun Namangan shahrida futbol bo‘yicha ilk marotaba o‘tkazilayotgan “Navro‘z Cup-2022” xalqaro turniriga start berildi. Unda hamyurtlarimizdan tashqari Tojikiston, Qirg‘iziston va Uganda terma jamoalari g‘oliblik uchun bahslarga kirishdi.
Musobaqa Uganda va Tojikiston terma jamoalari o‘rtasidagi uchrashuv bilan boshlandi. O‘yin debyutida hisobni afrikaliklar ochishdi, 8-daqiqada Emmanuel Okvi Tojikiston darvozasini ishg‘ol qildi. Biroq, tanaffusga qadar yurtdoshlarimizga yaxshi tanish futbolchi, AGMK klubida to‘p tepayotgan Alisher Jalilov hisobni tenglashtirdi – 1:1.
Ushbu hisob o‘yin oxirigacha o‘zgarmadi va natijada g‘olib penaltilar seriyasida aniqlandi. Unda ugandalik futbolchilarning qo‘li baland keldi – 5:4.
Ikkinchi o‘yinda esa milliy terma jamoamiz qo‘shni Qirg‘iziston futbolchilariga qarshi saf tortdi. Kutilmaganda 5-daqiqadayoq mehmonlar vakili Mirlan Murzayev himoyachilarimizning xatosidan so‘ng hisobni ochdi.
Bu hisob 64-daqiqagacha saqlanib turdi. Shu daqiqada raqib jarima maydoni ichidagi palapartishlikdan so‘ng terma jamoamiz sardori Eldor Shomurodov hisobni tenglashtirdi.
Goldan ruhlangan termamiz ustozi Srechko Katanes darhol maydonga ikkinchi hujumchi Igor Sergeevni tashladi. Ushbu o‘zgarish omadli kelib, Igorning o‘zi ikki bor raqib darvozasini ishg‘ol qildi. Yakuniy hisob 3:1, O‘zbekiston foydasiga.
Endi 29-mart kuni vakillarimiz “Navro‘z Cup-2022” xalqaro turniri bosh sovrini uchun Uganda terma jamoasi bilan kuch sinashadi.
Manba: O‘zbekiston Respublikasi Yoshlar siyosati va sport vazirligi