O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
O‘zbekiston-Avstriya hamkorligiga 30 yil to‘ldi
2022-03-25 | Siyosat
2022-yil 25-mart kuni O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Kamilov va Avstriya Respublikasining Yevropa va tashqi ishlar federal vaziri Aleksandr Shallenberg ikki davlat o'rtasida diplomatik munosabatlar o‘rnatilganining 30 yilligi munosabati bilan o’zaro tabrik almashdilar.
Abdulaziz Kamilov maktubida O‘zbekiston Avstriyani Yevropadagi asosiy hamkori deb bilishi hamda uzoq muddatli va ko‘p qirrali ikki tomonlama hamkorlikni yo‘lga qo‘yishga katta ahamiyat qaratishi ta’kidlangan.
“Biz Avstriya bilan ochiq va konstruktiv muloqotni davom ettirishdan, siyosiy, parlamentlararo, iqtisodiy va ta’lim sohalarida hamkorlikni yanada rivojlantirishdan manfaatdormiz, – dedi O‘zbekiston TIV rahbari.
O‘z navbatida Aleksandr Shallenberg so‘nggi yillarda o‘zaro hurmat va do‘stlikka asoslangan O‘zbekiston-Avstriya munosabatlari ijobiy sura’t namoyon etib borayotganini ta’kidladi.
“Avstriya ishbilarmon doiralari O‘zbekistonni mintaqadagi, ayniqsa, infratuzilmani rivojlantirish va yashil iqtisodiyotga o‘tish nuqtayi nazaridan eng istiqbolli bozorlardan biri deb biladi”, — deyiladi Avstriya Tashqi ishlar vaziri maktubida.
Manba: O’zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi