O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
«Ilm-fan, texnologiyalar va innovatsiyalar sohasidagi Milliy siyosati (2021-2030)” loyihasi muhokama qilindi
2022-03-25 | Innovatsiya
O'zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vaziri Ibrohim Abdurahmonov YUNESKOning O'zbekistondagi vakolatxonasi rahbari v.b. Aleksandros Makarigakis bilan uchrashdi.
Uchrashuv davomida YUNESKO/ITBning «O'zbekistonda inklyuziv fan, texnologiya va innovatsiya tizimini rivojlantirish» loyihasi doirasida ishlab chiqilayotgan «Ilm-fan, texnologiyalar va innovatsiyalar sohasidagi Milliy siyosati (2021-2030)” muhokama qilindi. Mazkur hujjat loyihasi 2030-yilgacha mamlakatimizda ilm-fan, texnologiyalar va innovatsiyalar sohasida muayyan muvaffaqiyatlarga erishish uchun barqaror shart-sharoitlarni yanada takomillashtirish maqsadida yaratilgan.
Suhbat davomida Aleksandros Makarigakis COVID-19 pandemiyasi oqibatida yuzaga kelgan global ijtimoiy va iqtisodiy, shuningdek, dolzarb ekologik muammolarni hal etish uchun ilm-fan, texnologiyalar va innovatsiyalar sohasidagi siyosatga yangi nazar bilan yondashish kerakligini ta'kidladi. Ochiq fan, ochiq innovatsiyalar, innovatsion biznes modellar, ta'limdagi innovatsiyalar, toza energiya va yashil texnologiyalarni yaratishga yo'naltirilgan maqsadli chora-tadbirlar – bugungi va ertangi kunning muammolarini hal qilish uchun alohida e'tibor va katta sarmoya talab qiluvchi muhim sohalar ekanligi ta'kidlandi.
Mazkur Milliy siyosat metodologiyasini tuzishda YUNESKOning O'zbekistondagi vakolatxonasi va Innovatsion rivojlanish vazirligi hamkorligida mas'ul tashkilot va vazirliklar ishtirokida seminarlar tashkil etildi, shuningdek davlat organlari va tashkilotlari, ilmiy jamoatchilik vakillari, xususiy sektor, xalqaro va mintaqaviy tashkilotlari o'rtasida keng muhokama qilindi.
Uchrashuv so'ngida tomonlar chuqur tadqiqotlarga asoslangan ushbu Milliy siyosat O'zbekiston Respublikasining ilm-fan, texnologiyalar va innovatsiyalar sohasini rivojlantirish bilan bir qatorda barqaror rivojlanish uchun texnologik echimlarni izlab topish va ularni tarqatishga ko'maklashadi, kambag'allikni bartaraf etish va innovatsion ekotizimni yaratish orqali yangi investitsiyalarni kiritilishiga zamin yaratishini ta'kidladilar.
Manba: O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish agentligi