O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
O‘zbekiston Prezidenti Saudiya Arabistoni bilan o‘zaro manfaatli hamkorlikni rivojlantirish uchun keng imkoniyatlar mavjudligini qayd etdi
2022-03-24 | Siyosat
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 24-mart kuni birinchi Toshkent xalqaro investitsiya forumi doirasida mamlakatimizda bo‘lib turgan Saudiya Arabistoni Podshohligi investitsiyalar vaziri Xolid al-Falih boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi.
Xolid al-Falih O‘zbekiston Respublikasiga samimiy qabul uchun minnatdorlik bildirib, Saudiya Arabistoni Podshohi Salmon ol-Saud va Valiahd shahzodasi Muhammad ol-Saudning salomi va eng ezgu tilaklarini yetkazdi.
Suhbat chog‘ida ko‘p qirrali O‘zbekiston-Saudiya munosabatlarini yanada rivojlantirish masalalari ko‘rib chiqildi.
Davlatimiz rahbari ikki tomonlama hamkorlik jadal rivojlanib borayotgani, yirik investitsiya loyihalari, eng avvalo energetika sohasida ilgari surilayotganini yuqori baholadi.
“ACWA Power” korporatsiyasi mamlakatimizning turli hududlarida energetika infratuzilmasini modernizatsiya qilish va “yashil” energetikani rivojlantirish bo‘yicha umumiy qiymati 2,7 milliard dollarlik loyihalarni ilgari surishga hissa qo‘shayotgani alohida qayd etildi.
Bundan tashqari, Saudiya taraqqiyot fondi ishtirokida ijtimoiy ahamiyatga ega qator loyihalar amalga oshirilmoqda.
“Yo‘l xaritasi” asosida neft-gaz, gaz-kimyo va kimyo tarmoqlari, tog‘-kon sanoati, qishloq xo‘jaligi, sog‘liqni saqlash va farmatsevtika hamda boshqa ustuvor yo‘nalishlarda istiqbolli investitsiya loyihalarini tayyorlash va amalga oshirishga alohida e’tibor qaratildi.
Manba: O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining rasmiy veb-sayti