O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Innovatsion rivojlanish vaziri Saudiya Arabistoni Qirolligi Investitsiyalar vaziri Xolid Al-Falih bilan uchrashdi
2022-03-24 | Innovatsiya
Toshkent shahridagi Xilton mehmonxonasida Innovatsion rivojlanish vaziri Ibrohim Abdurahmonov Saudiya Arabistoni Qirolligi Investitsiyalar vaziri Xolid al-Falih bilan uchrashdi.
Uchrashuvda tomonlar ikki davlat ilm-fan, texnologiya va innovatsiyalar sohasida hamkorlik aloqalarining holati va ularni rivojlantirish istiqbollari haqida suhbatlashdi. Xususan, vazir Xolid Al-Falih Saudiya Arabistonida 20-25 yildan beri innovatsion ekotizimni tashkil etish va rivojlantirish borasida katta hajmdagi ishlar amalga oshirilayotgani hamda ushbu tajriba O'zbekiston uchun foydali bo'lishi mumkinligi haqida fikr yuritdi. Shu bilan birga, O'zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi hamda Qirol Abdulla nomidagi Ilmiy-texnologik universiteti, Qirol Abdulaziz nomidagi Ilm-fan va texnika shaharchasi o'rtasida aloqalarni o'rnatish ikki davlat olimlari va innovatsiyalar sohasi vakillari bilim va tajriba almashinuviga katta turtki berishi mumkinligi qayd etildi.
O'z o'rnida, Innovatsion rivojlanish vaziri I.Abdurahmonov ushbu yo'nalishda ikki davlat olimlari uchun qo'shma ilmiy loyihalar tanlovlarini hamda tadbirkorlar o'rtasida startap loyihalar tanlovlarini tashkil etish bo'yicha taklifni ilgari surdi.
Shuningdek, tomonlar texnoparklar o'rtasida, ilm-fan va innovatsiyalarni qo'llab-quvvatlovchi jamg'armalar va venchur fondlar o'rtasida hamkorlik o'rnatish, o'zbekistonlik olimlar uchun Saudiya Arabistonida doktorlik tadqiqotini olib borish uchun dastur shakllantirish hamda yosh olimlar uchun qirollikning ilg'or ilmiy muassasalarida stajirovka dasturlarini tashkil etish masalalarini muhokama qilishdi.
Uchrashuv yakunida Saudiya Arabistoni Qirolligi Investitsiyalar vaziri Xolid al-Falih O'zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirini Saudiya Arabistoniga yuqoridagi kelishuvlarni hamda yangi yo'nalishlarni muhokama qilish uchun taklif qildi hamda tashrif davomida barcha tegishli tashkilot va idoralar bilan muzokaralarni tashkil etishga amaliy ko'mak berishini aytib o'tdi.
Uchrashuv do'stona ruhda o'tdi.
Manba: O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish agentligi