O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Iqtisodiyot rivojining bugungi holati tahlil qilinib, qo‘shimcha choralar belgilandi
2022-03-24 | Siyosat
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 23-mart kuni iqtisodiyot barqarorligini ta’minlash chora-tadbirlari muhokamasi yuzasidan yig‘ilish o‘tkazdi.
– Koronavirus pandemiyasi paytida hamma sohalarni og‘ir sharoitdan olib chiqish bo‘yicha qarorlar qabul qilganimiz o‘z natijasini berdi. Hozirgi vaziyatda ham xavf-xatarlarni oldindan ko‘ra bilishimiz kerak. Dunyoda bo‘layotgan voqealar natijalarga salbiy ta’sir ko‘rsatmasligi uchun aniq chora-tadbirlarni belgilab olishimiz zarur. Ayniqsa, tadbirkorlarga yengillik yaratib, har tomonlama qo‘llab-quvvatlashimiz kerak, – dedi davlatimiz rahbari.
Shundan kelib chiqib, yig‘ilishda iqtisodiyot rivojining bugungi holati tahlil qilindi va qo‘shimcha choralar belgilandi.
Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi, Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligiga tadbirkorlar bilan kunlik muloqot o‘rnatib, ularning loyihalari, ishlab chiqarish faoliyati, eksport-import amaliyotlariga ko‘maklashish bo‘yicha topshiriqlar berildi.
Tarmoq va hududlarda kunlik monitoring o‘rnatib, yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan xatarlarning oldini olish bo‘yicha tezkor choralar ko‘rish vazifasi qo‘yildi. Tadbirkorlik sub’ektlariga aylanma mablag‘alarini to‘ldirishi uchun revolver kredit berish tizimini yanada soddalashtirish zarurligi aytildi.
Prezidentimiz eksport masalasiga ham to‘xtalib, eksportchi korxonalarning transport-logistika masalalarini hal qilib borish, ularning transport xarajatlarini qisman qoplash amaliyotini kengaytirish bo‘yicha ko‘rsatma berdi.
Ma’lumki, bugungi kunda dunyoda oziq-ovqat mahsulotlari yetkazib berishda muammolar kuzatilmoqda hamda ularning narxi sezilarli oshmoqda. Shu bois, Vazirlar Mahkamasiga ichki bozorda narxlar barqarorligini ta’minlash, bug‘doy, o‘simlik yog‘i, shakar va boshqa oziq-ovqat mahsulotlarini import qiluvchi tadbirkorlarga ko‘maklashish orqali aholi talabini qondirish bo‘yicha qo‘shimcha topshiriqlar berildi. Shuningdek, inflyatsiya darajasini kamaytirish va uning maqsadli ko‘rsatkichlarga tezroq qaytishini ta’minlash Hukumatning asosiy vazifasi ekani yana bir bor qayd etildi.
Markaziy bankka tashqi valyuta bozoridagi noaniq vaziyatni inobatga olgan holda, ichki valyuta bozori barqarorligi va almashuv kursi moslashuvchanligini ta’minlashda ehtiyotkorona yondashuvni qo‘llab borish muhimligi ko‘rsatib o‘tildi. Bunda ichki valyuta bozoridagi holatni kunlik kuzatib, tadbirkorlarni, umuman, xalqimizni joriy vaziyat, kutilayotgan o‘zgarishlar va ko‘rilayotgan choralar haqida xabardor qilish kerakligi ta’kidlandi.
Manba: O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining rasmiy veb-sayti