O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

Salkam 6 ming nafar O‘zbekiston fuqarosi Ukrainadan Polsha hududi orqali Vatanimizga qaytishdi

2022-03-18 | Jamiyat

VARSHAVA, 18 mart. O‘zbekiston fuqarolarini Ukrainadan Polsha hududi orqali Vatanimizga evakuatsiya qilish bo‘yicha mamlakatimiz uchun muhim bo‘lgan jarayon nihoyasiga yetdi.

Polshadan evakuatsiya qilish qanday kechgani, bundan chiqarilgan saboqlar hamda o‘zbek diplomatlarining ushbu jarayondagi kundalik ishlari haqida O‘zbekistonning Polshadagi elchisi Bahrom Boboyev “Dunyo” AAga so‘zlab berdi: 

- Bu juda murakkab va xavotirli davr bo‘ldi, mamlakatimiz rahbariyati tomonidan O‘zbekistonning har bir fuqarosi uchun masʼuliyat Ukraina va Polshadagi diplomatiya vakolatxonalarimiz zimmasiga yuklatildi. Lvov shahrida to‘plangan O‘zbekistonning dastlabki o‘ttiz nafar fuqarosi 27-fevral kuni ertalab “Krakoves-Karchova” nazorat-o‘tkazish punkti orqali Ukraina-Polsha chegarasini kesib o‘tdi. Kunning o‘rtalariga kelib oqim ko‘paya boshladi va kechga boriboq Polsha hududidagi nazorat-o‘tkazish punktining jamlog‘ida 400 nafarga yaqin odam to‘plandi. Chegarada asosan Ukraina fuqarolaridan iborat ko‘p ming kishilik qochqinlar safi yuzaga keldi, Polsha hududiga o‘tib olishlari uchun salkam 20 soatgacha kutishga to‘g‘ri keldi. Mamlakatimiz fuqarolari orasida bolali ayollar, talabalar, Ukrainada vaqtincha o‘qigan yoki ishlagan kompaniyalar xodimlari bor edi.

Shu kundan eʼtiboran chegarani kesib o‘tish, O‘zbekiston fuqarolarining jamlanish punktida joylashtirish va ularni Katovitsa shahri aeroportiga eltish masalalari elchixonaning qattiq nazorati ostiga olindi. Chegarada konsullik xodimlari, Varshavadagi elchixonada tuzilgan Shtab 18 kun davomida tunu kun ishladi.

Jamg‘arish punktida O‘zbekiston fuqarolarining tunashlari uchun barcha sharoitlar tashkil etildi - issiq ko‘rpalar yetkazildi, zarur tibbiy yordam ko‘rsatildi, issiq ovqat tashkil etildi.

O‘zbekiston hukumati tomonidan Polshaning Katovitse shahri aeroportidan fuqarolarni evakuatsiya qilish qarori qabul qilingach, elchixona xodimlari va “O‘zbekiston havo yo‘llari” AJ vakillari zudlik bilan mazkur shaharga yuborildi.  Elchixonaning barcha saʼy-harakatlari O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi, Transport vazirligi rahbariyati tomonidan muvofiqlashtirildi. O‘zbekistonning Polsha va Ukrainadagi diplomatlari doimiy aloqada bo‘lib turishdi.

28-fevral kuniyoq bortidan fuqarolarimiz joy olgan birinchi samolyot Katovitse shahri aeroportidan Toshkentga uchib ketdi. Har kuni «Uzbekistan Airways» AJ tasarrufidagi 2-3 ta maxsus samolyot Toshkentga uchdi. Polshadan hammasi bo‘lib 25 havo qatnovi vositasida  5786 nafar fuqaro O‘zbekistonga eltib qo‘yildi.

Dastlab O‘zbekistonga uchishni xohlovchilar soni 1,5-2 ming nafardan oshmasligi taxmin qilingan edi, biroq Ukrainadagi tez o‘zgaruvchan vaziyat bu taxminlarga mos kelmadi. Odamlarning kelishi oqimi kun sayin o‘sib bordi, 2-4 mart kunlari esa ularning soni juda ko‘paydi - o‘sha kunlari to‘planish nuqtasi va aeroportning har birida Vatanga uchishni istayotgan 700-800 nafardan odam to‘plandi.

Elchixona xodimlari tomonidan ijaraga olingan avtobuslarda mamlakatimiz fuqarolarini aeroportga o‘z vaqtida yetkazib berish tashkil etildi. Dastlab fuqarolarimiz kelishgan chegaraoldi to‘planish punkti va Katovitsa shahri aeroport oralig‘idagi masofa 340 kilometrni tashkil etar edi, shu bois odamlarni eltish jarayoni Toshkentga maxsus havo qatnovlarining jo‘nash vaqtini hisobga olgan holda nazorat qilinishi lozim edi.

Katovitsa shahri meriyasi tomonidan aeroport binosiga tartib bilan o‘tish tashkil qilindi. Barcha fuqarolarga oldindan tayyorlangan ro‘yxatlar asosida xizmat ko‘rsatildi. Tartib Polsha politsiyasi va ko‘ngillilar tomonidan doimiy ravishda nazorat qilindi, ularning ko‘magida yosh go‘dagi bor ayollar, bolalar va keksalar uchun maxsus yo‘laklar tashkil etildi.

Shunga muvofiq ular birinchi navbatda yo‘laklardan o‘tishdi. Shu bilan birga, stress holatini boshdan kechirib, tezroq uchib ketishga harakat qilgan odamlarga doimiy tushuntirish ishlarini olib borish talab etilar edi.

Shuningdek, O‘zbekiston elchixonasi iltimosiga binoan, faqat bizning mamlakatimiz fuqarolari uchun aeroportda issiq ovqat tashkil etilgani holda bolali onalarning dam olishlari uchun maxsus xonalar ajratildi. Yo‘lovchilarga shoshilinch tibbiy ko‘mak ko‘rsatish uchun tez yordam mashinalari  aeroport yonida doimiy ravishda navbatchilik qildi.

O‘zbekiston fuqarolarini evakuatsiya qilish davomida turli sabablarga ko‘ra yonida zarur hujjatlari bo‘lmagan yurtdoshlarimizga konsullik tomonidan Vatanimizga qaytishlari uchun 322 ta guvohnoma berildi.

Toshkentdagi barcha mutasaddi tashkilotlar - Tashqi ishlar, Transport vazirliklari, «Uzbekistan Airways» AJ va aeroport hamkorlikda  juda katta vazifaning uddasidan chiqdi. Davlatimiz rahbari nomidan O‘zbekiston Prezidenti Administratsiyasi va shaxsan  mamlakatimiz Bosh vaziri evakuatsiya bilan bog‘liq jarayonni qatʼiy nazorat qilib bordi.

Tahlikaning birinchi kunidan boshlab jangovor harakatlar davom etayotgan hududlardan barcha fuqarolarimiz O‘zbekistonga olib ketilishi eʼlon qilindi va davlatimiz havo  qatnovi xarajatlarini o‘z zimmasiga oldi.

 Boshqa davlatlar orasida O‘zbekiston Ukrainadan o‘z fuqarolarini birinchi bo‘lib olib chiqdi. Ushbu masʼuliyatli va insonparvarlik tashabbusi Polsha rahbariyati, xususan, mamlakat Prezidenti, Tashqi ishlar vazirligi va parlamenti tomonidan  yuqori baholandi.

2022 yil  4 mart kuni Polsha Prezidenti Andjey Duda “Karchova” chegara nazorat-o‘tkazish punktiga tashrif buyurdi. Polsha yetakchisi  O‘zbekiston elchixonasi xodimlariga alohida murojaat qildi va minnatdorlik bildirdi. «Siz faqatgina mamlakatingiz fuqarolari uchun muhim va olijanob ishni amalga oshirmayapsiz. Siz amalga oshirayotgan olijanob ishlar boshqa  mamlakatlar diplomatlari va ko‘ngillilarini ham ilhomlantirmoqda. Menga O‘zbekiston hukumati o‘z fuqarolarini birinchi bo‘lib evakuatsiya qilgani haqida xabar berildi. Bu haqda eshitganimdan so‘ng bu qadamni o‘z fuqarolari uchun otalarcha g‘amxo‘rlik,  deb o‘yladim. Yaqinda biz ham shunga o‘xshash vaziyatni o‘z boshimizdan o‘tkazdik. Sizga qo‘shni bo‘lgan mamlakatni tark etayotgan fuqarolarimiz va Yevropa mamlakatlari fuqarolaridan xavotirda edik. Biz ularni evakuatsiya qilish uchun ushbu murakkab operatsiyani faqat O‘zbekistonning faol ko‘magi bilan amalga oshira oldik. Bu yordamni Polsha hech qachon unutmaydi», dedi Andjey Duda.

Polsha Prezidenti, shuningdek, o‘zbekistonliklar bilan suhbatlashib, ularga dalda bo‘ladigan gaplarni aytdi.

Shaxsan uning buyrug‘i bilan shahar hokimligi 4 ming nafardan ortiq O‘zbekiston fuqarolarini aeroportga olib borish uchun  bepul avtobuslar ajratdi. Hammasi bo‘lib 90 ta avtobus qatnovlari yordamida vatandoshlarimiz  Katovetse shahri aeroportiga yetkazildi.

Polsha Prezidenti va hukumati, Tashqi ishlar vazirligi, migratsiya xizmatlari, Qochqinlarni evakuatsiya qilish bo‘yicha maxsus komissiya, politsiya, transport xodimlari, chegarachilar, Katovitse shahri aeroporti xodimlari, shifokorlar, ko‘ngillilar o‘zbekistonliklarning Vatanga qaytishiga juda katta yordam ko‘rsatdilar. Elchixona iltimosiga ko‘ra, Polsha Tashqi ishlar vazirligi mamlakatda 15 kun davomida qolish huquqi bilan O‘zbekiston fuqarolariga davlat chegarasini kesib o‘tishda  vizasiz rejimga ruxsat berdi (Yevropa Ittifoqi chegarasi).  Bundan tashqari,  koronavirusga qarshi kurash doirasida qabul qilingan PSR-test natijalarini talab qilish sharti bekor qilindi.

Biz odamlarning his-tuyg‘ularini jumbushga keltiradigan taʼsirchan holatlarga ham juda ko‘p marotaba duch keldik. Fuqarolarimiz to‘planadigan joyga har kuni bir necha o‘nlab mashinalar keldi. Ularning egalari bo‘lgan yoshlar va keksa odamlar fuqarolarimizni aeroportga bepul olib borib qo‘yishni chin dildan taklif qildilar. Bundan tashqari, polshalik ko‘ngilli shaxsiy avtomobil egalari yo‘l davomida vatandoshlarimizga oziq-ovqat, suv sotib olib berishgan. Hatto, bir nafar fuqarolarimizning sog‘lig‘ida muammo kuzatilgani sababli unga tibbiy yordam ham ko‘rsatilgan.

Polshalik ko‘ngillilar ishtirokida o‘zini yomon his qilgan 3 nafar  homilador ayolga tez yordam ko‘rsatish maqsadida eng yaqin kasalxonaga eltib qo‘yilgan holat ham ro‘y berdi. Ularga zarur tibbiy muolajalar ko‘rsatilganidan so‘ng ertasi kuni  o‘sha haydovchilar ayollarimizni to‘g‘ri samolyot zinasiga yetkazib olib kelishdi.

Biz uchun ushbu qiyin davrda eng yuksak insoniy fazilatlarni namoyon etgan Polsha hukumati va mamlakat fuqarolariga chin ko‘ngildan minnatdorlik bildiraman.

Bunday fors-mojor holatlar tez-tez sodir bo‘lmaydi. Bunda 2019 yili pandemiya boshlanganidan keyin fuqarolarimizni evakuatsiya qilish bo‘yicha to‘plangan tajriba bizga juda asqotdi.  O‘zbekistonning Ukraina va Polshadagi elchixonalari evakuatsiya jarayonini avvalboshdanoq jiddiy nazorat ostiga olgan holda muvaffaqiyatli amalga oshirdi.

Qiyin vaziyatdan chiqib, eson-omon Vatan sari yo‘lga olgan barcha hamyurtlarimiz, avvalo muhtaram Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevga, O‘zbekiston hukumatiga, diplomatiya vakolatxonalari xodimlariga o‘zlarining samimiy minatdorliklarini bildirishdi. Yurtdoshlarimiz davlatimiz rahbarining shaxsiy tashabbusi va yuksak eʼtibori tufayli  Vatanimizga sog‘-salomat qaytish  imkoniyatiga ega bo‘lganliklarini qayta-qayta taʼkidladilar.

Albatta, ularning ko‘pchiligi jangovar harakatlar tugaganidan keyin Ukrainaga qaytishlari mumkin. Ammo bugun ular uylariga borib, oila aʼzolari,  yaqinlari davrasida – tinch, jonajon O‘zbekistonimiz bag‘ridan qo‘nim topdilar.

Manba: “Dunyo” axborot agentligi

Поделиться