O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Ko‘hna Termiz uloq-ko‘pkari bo‘yicha Xalqaro turnirga mezbonlik qiladi
2022-03-17 | Turizm
Joriy yilning 24-26-mart kunlari Surxondaryo viloyati Termiz tumani hududida joylashgan “Qorabayir otlari mahorat maktabi”da uloq-ko‘pkari bo‘yicha xalqaro turnir o‘tkaziladi.
Shu munosabat bilan bugun Sportni rivojlantirish vazirligida O‘zbekistonda ilk bora tashkil etilayotgan mazkur musobaqani yuqori saviyada o‘tkazish bo‘yicha tashkiliy qo‘mita yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda aloqador vazirlik va idoralarning mutasaddilari qatnashib, xalqaro turnirni yuksak darajada o‘tkazish bilan bog‘liq vazifalarni ko‘rib chiqishdi.
Tashkiliy qo‘mita yig‘ilishini Sportni rivojlantirish vazirining maslahatchisi Avazjon Karimov olib bordi. Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi qo‘mondoni o‘rinbosari, polkovnik Sarvar Mamayusupov xalqaro turnirning ahamiyati haqida so‘z yuritib, musobaqalarda yaqin xorijiy mamlakatlar, shuningdek Vengriya davlatidan umumiy hisobda qariyb 120 nafar chavandozlar qatnashishi kutilayotganligi, ularni kutib olish, joylashtirish, xalqaro turnir jarayonida turli ko‘rgazmali chiqishlar, milliy sport turlari namoyishi haqida so‘z yuritdi. Shuningdek, Xalqaro turnir bahonasida uloq-ko‘pkari bo‘yicha xorijlik mehmonlar ishtirokida xalqaro Konferensiya tashkil etish borasida o‘z taklifini ilgari surdi.
O‘zbekiston uloq-ko‘pkari federatsiyasi raisi o‘rinbosari Erkin Abzalov xalqaro turnirda mamlakatimizdan 4ta, xorijiy davlatlardan esa 6taga yaqin jamoalar qatnashish borasida talabnomalarni taqdim etganligi, musobaqalarni adolatli boshqarib borish uchun hakamlar belgilanayotganligi borasida axborot berdi.
Bildirilgan fikr-mulohaza va takliflardan kelib chiqqan holda mamlakatimizning xalqaro imidjini yuksaltirishga hissa qo‘shadigan ushbu tadbirni yuqori darajada tashkil etish xususida tegishli qarorlar qabul qilindi va zarur ko‘rsatmalar berildi.
Manba: O‘zbekiston Respublikasi Yoshlar siyosati va sport vazirligi