O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash shtabini ishga tushirdi

2022-03-17 | Iqtisodiyot

O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligida tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha Shtab o‘z ishini boshladi. 

Unda turli sohalarda, jumladan, investitsiyalarni jalb qilish va yangi ishlab chiqarish ob'ektlarini tashkil etish, tashqi savdo, transport va tranzit salohiyatini rivojlantirish, xalqaro hamkorlikni targ‘ib qilish, importni optimallashtirish va boshqa muhim yo‘nalishlarda ixtisoslashgan kichik guruhlarga taqsimlangan mamlakat vazirliklari va idoralarining malakali xodimlari faoliyat ko‘rsatmoqda.
 
Shtab xodimlari mahalliy tadbirkorlar, ishlab chiqaruvchilar va eksportchilar o‘z amaliyotda duch keladigan tizimli va xususiy xarakterdagi muammolarni aniqlash maqsadida ular bilan manzilli tarzda hamkorlik qilib kelmoqda.
 
Qabul qilingan ma'lumotlar har tomonlama tahlil qilinadi, uning natijalari asosida tizimli muammolarni bartaraf etish bo‘yicha takliflar va algoritmlar ishlab chiqiladi. Tadbirkorlarning muammoli masalalari ham puxta o‘rganilib, aniqlangan masalalarni zudlik bilan bartaraf etish yuzasidan mutasaddi vazirlik va idoralarga ko‘rsatmalar berilmoqda.
 
Ta'kidlash joizki, Shtabda ko‘rilayotgan amaliy chora-tadbirlar samaradorligini nazorat qilish mexanizmi joriy qilingan, xususan, tegishli muvofiqlashtiruvchi kichik guruh tadbirkorlar bilan bevosita muloqotda bo‘lib, vazirlik va idoralar tadbirkorlarning murojaatlariga qanchalik tez va samarali javob berayotganligini aniqlaydi.
 
Har bir kunning oxirida Shtab faoliyatining natijalari yuzasidan tezkor hisobot shakllantiriladi va tahlil qilish uchun Tashqi savdo, investitsiyalar, mahalliy sanoatni rivojlantirish va texnik jihatdan tartibga solish bo‘yicha Hukumat komissiyasiga yuboriladi.
 
Ushbu tahlil davomida aniqlangan tizimli muammolar investisiyaviy va ishbilarmonlik muhitini yaxshilash, sanoatni rivojlantirish va eksport salohiyatini oshirish uchun eng qulay shart-sharoitlar yaratish, tadbirkorlarni moliyaviy qo‘llab-quvvatlashning yangi mexanizmlarini joriy qilish, yanada foydali logistika yo‘nalishlarini kashf etish, yangi istiqbolli bozorlarga chiqish va xorijiy sheriklar bilan investitsiyaviy va savdo-iqtisodiy hamkorlikni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha aniq takliflarni ishlab chiqish maqsadida ham har tomonlama o‘rganilmoqda.
 
Shtab tunu kun ish olib boradi. Tadbirkor va eksportchilar o‘z muammolari bilan, shuningdek o‘zlarini qiziqtirgan masalalar bo‘yicha maslahat olish uchun istalgan vaqtda Shtab xodimlari bilan bog‘lanishlari mumkin. Barcha masalalar qisqa muddatda o‘rganiladi va hal qilinadi.
 
Murojaatlar, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasining koll-markazi tomonidan keyinchalik Shtabga tezkor ravishda yuborish uchun qabul qilinadi.
 
Call-markazlar raqamlari:
 
Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi: + 998 71 238 52 52
 
Savdo-sanoat palatasi: 1094

Manba: O‘zbekiston Respublikasi investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi

Поделиться