O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Eron Qishloq xo'jaligi biotexnologiyasi tadqiqoti institutiga tashrif
2022-03-17 | Iqtisodiyot
Innovatsion rivojlanish vaziri Ibrohim Abdurahmonov Eronga safari davomida Eron Qishloq xo'jaligi biotexnologiyasi tadqiqoti instituti direktori G'ulomrizo Salehi Juzani bilan muzokaralar o'tkazdi.
Institut rahbari mehmonlarni tashkilotning qishloq xo'jaligi, urug'chilik, gen muhandisligi sohalaridagi imkoniyatlari va amalga oshirgan ishlari bilan tanishtirdi. Tashrif doirasida mazkur institutning agrotexnologiyalar, urug'chilik, gen muhandisligi sohalaridagi salohiyati, imkoniyatlari va asosiy natijalari o'rganildi.
Qishloq xo'jaligi biotexnologiyasi tadqiqoti instituti 1999-yil tashkil topgan bo'lib, oziq-ovqat xavfsizligini ta'minlash maqsadida mamlakatning qishloq xo'jaligi sohasidagi muammolarni bartaraf qilishga qaratilgan tashkilotdir. Hozirgi kunda tashkilot tomonidan ishlab chiqilgan texnologiyalar, urug' va navlar dunyoning 25 mamlakatiga eksport qilinib, har yili 3 mln AQSh dollari miqdorida importni qoplashga xizmat qiladi.
Muzokaralar natijasida samarador probiotiklar, mikrobiologik preparatlar, nanotexnologiyalar va boshqa yangi biotexnologik mahsulotlar ishlab chiqarishni o'zlashtirish maqsadida kelgusida o'tkazilishi rejalashtirilayotgan «O'zbekiston-Eron» xalqaro qo'shma ilmiy loyihalar tanlovi doirasida Institutning nufuzli olimlari bilan birgalikda ilmiy-tadqiqotlar tashkil etilib, Eronning ushbu yo'nalishdagi, shu jumladan Orolbo'yi hududiga mos eng yaxshi texnologiyalari o'zlashtirilishi bo'yicha kelishuvga erishildi.
Institutning golofitlar germaplazmasi noyob kollektsiyasida saqlanayotgan sho'rga chidamli o'simlar urug'larini Orol dengizining qurigan tubida ekib, tajriba-sinovlarini tashkil etishga va eng maqbul o'simliklarni kengaytirishga kelishib olindi. Yaqin kelajakda minituber texnologiyasi asosida kartoshka urug'chiligini tashkil etish bo'yicha Eron tajribasini o'zlashtirish maqsadida Qishloq xo'jaligi vazirligi mutaxassislaridan iborat alohida ishchi guruh tomonidan Isfaxon shahridagi maxsus laboratoriya, issiqxona va ixtisoslashgan korxonalar faoliyatini o'rganish, shuningdek Eron tomonining mazkur ishlab chiqarish zanjiri bo'yicha mutaxassislarining O'zbekistonga tashrifini tashkil etish choralari ko'riladi.
Tashrif davomidagi muhim kelishuvlardan biri Orol dengizining qurigan tubida va Orolbo'yi hududida ekish maqsadida sho'r va qurg'oqchilikka chidamli bo'lgan, chorvachilik uchun ozuqa- em va o'simlik yog'i olish mumkin bo'lgan galofit o'simliklar, xususan «Kamilin» va «Guliran» o'simliklari urug'lari hamda ularning agrotexnologiyasini transfer qilinishidir. Bundan tashqari institut tomonidan ishlab chiqilgan chorvachilik uchun maxsus probiotiklarni hamda ularni ishlab chiqarish texnologiyasi O'zbekistonga transfer qilinadi. Ushbu maqsadda Eronlik mutaxassislarning O'zbekistonga tashrifi tashkil etilishi bo'yicha kelishildi.
Manba: O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish agentligi