O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
«European Policy Center» tahliliy markazining tajribasi o‘rganildi
2022-03-16 | Jamiyat
Bryusselda «Taraqqiyot strategiyasi» markazi ijrochi direktori Eldor Tulyakov boshchiligidagi O‘zbekiston delegatsiyasi va USAIDning mamlakatimizdagi vakolatxonasi a’zolari European Policy Center (EPC) vakillari bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Ma’lumot uchun: EPC – bu Yevropa Ittifoqi siyosatini ishlab chiqishda hamkorlar, manfaatdor tomonlar va fuqarolik jamiyatini jalb qilish orqali Yevropa integratsiyasini rivojlantirishga o‘z hissasini qo‘shib kelayotgan mustaqil notijorat tahliliy markaz hisoblanadi.
Siyosiy tahlilchi Amanda Paulning ta’kidlashicha, EPC 1996-yilda Yevropa Ittifoqiga a’zo davlatlarning siyosiy institutlar bilan fikr almashish va qo‘shma siyosiy tavsiyalarni ishlab chiqish uchun qaror qabul qiluvchilar va fuqarolik jamiyati o‘rtasidagi farqni bartaraf etishga yordam berish maqsadida tashkil etilgan. EPC tadqiqot guruhi 23 mamlakatda 60 dan ortiq tahlilchiga ega.
EPC har yili turli xil tadqiqot yo‘nalishlariga bag‘ishlangan 100 dan ziyod risolalar chop etadi va Belgiya hukumatiga hisobot beradi. Bundan tashqari, EPC vakili ta’kidlaganidek, tahliliy markaz Coca-Cola, Microsoft, Apple kabi mashhur korporatsiya va kompaniyalar bilan ham hamkorlik qiladi, ushbu kompaniyalar markazning tadqiqot faoliyatini qo‘llab-quvvatlab keladi. Biroq, EPC vakilining so‘zlariga ko‘ra, ushbu qo‘llab-quvvatlashlar tahliliy markazning tadqiqotlari va nashrlari natijalarining mustaqilligi va xolisligiga hech qanday aks ta’sir ko‘rsatmaydi.
E.Tulyakov ishtirokchilarni 2022–2026-yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning Taraqqiyot strategiyasi asosiy yo‘nalishlari, mazmun-mohiyati, amalga oshirilayotgan tadqiqotlar va «Taraqqiyot strategiyasi» markazi faoliyati bilan batafsil tanishtirib o‘tdi.
Muhokamalarda fuqarolik jamiyatini siyosiy qarorlar qabul qilishga jalb etish jarayonlarini o‘rganish, o‘tkazilgan tahlil va tadqiqot usullariga alohida e’tibor qaratildi. Shuningdek, O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamdagi islohotlar, fuqarolik jamiyati institutlarini rivojlantirishning yangi bosqichi haqida ham so‘z bordi.
Shuningdek, uchrashuv davomida safardan ko‘zlangan maqsad – do‘stona aloqalarni o‘rnatish va Yevropaning «aql markazlari» bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yish ekanligini alohida ta’kidlandi.
Uchrashuv yakunida tomonlar aloqalarni muntazam davom ettirishga kelishib oldilar va fuqarolik jamiyatini siyosiy qarorlar qabul qilish jarayoniga jalb etish bo‘yicha tajriba almashishga tayyor ekanliklarini bildirdilar.
Manba: O'zA