O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari - investitsiyalar va tashqi savdo vaziri S.Umurzoqov rahbarligida birinchi Toshkent xalqaro investitsiya forumi Tashkiliy qo‘mitasining yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Yig‘ilishda vazirliklar, idoralar, tarmoq birlashmalari rahbarlari, shuningdek videokonferensiya orqali Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar mahalliy hokimiyat organlari rahbarlari ishtirok etdi.
Forumning biznes dasturini shakllantirish, xorijiy delegatsiyalar, investorlar va ommaviy axborot vositalari ishtirokini tashkil qilish, sanitariya-epidemiologiya xavfsizligi talablariga rioya etilishini ta'minlash hamda tayyorgarlikning boshqa jihatlari bilan bog‘liq keng ko‘lamli masalalar muhokama qilindi.
Vazirlik va idoralar rahbarlari tegishli yo‘nalishlar bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan hisobot berib, vazifalarni sifatli va o‘z vaqtida bajarish bo‘yicha qo‘shimcha topshiriqlar oldilar.
Forumning asosiy vazifalari Yangi O‘zbekistonni dunyo miqyosidagi ishbilarmon doiralariga tanishtirish, mamlakatimizni chet ellik investorlar uchun ustuvor yo‘nalish sifatida ilgari surish, iqtisodiyotga xorijiy investitsiyalar va zamonaviy texnologiyalarni jalb etish, xalqaro iqtisodiy hamkorlik sohasida yangi “o‘sish nuqtalari”ni belgilash, shuningdek, O‘zbekiston va boshqa mamlakatlar ishbilarmon doiralari o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalarni o‘rnatish uchun mushtarak manfaatlar yo‘nalishlarini kashf etishdan iborat ekanligi ta'kidlandi.
Shu munosabat bilan investitsiyaviy va savdo-iqtisodiy sheriklik sohasida qat'iy kelishuvlardan iborat aniq natijalarga erishishni nazarda tutgan holda, Forumni yuqori tashkiliy va mazmun jihatidan yuksak darajada o‘tkazish maqsadida barcha imkoniyat va mexanizmlarni safarbar etish zarurligi ta'kidlandi.
Tadbir 24-26 mart kunlari o‘tkazilishi rejalashtirilgan. Unda 56 mamlakatdan 1,5 mingdan ortiq yirik investorlar va yuqori darajadagi mehmonlar, xalqaro tashkilotlar va moliya institutlari vakillari qatnashishi kutilmoqda. Xususan, Forumda Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki, Osiyo taraqqiyot banki, qator xalqaro tashkilotlar prezidentlari, xorijiy davlatlar vazirlik va idoralari vakillari, yirik korporatsiya va kompaniyalar rahbarlari ishtirok etadi. Forum davomida yalpi majlis, interfaol davra suhbatlari, panel' sesiyalari, “Deep Dive” sessiyalari, biznes-nonushta, taqdimotlar, brifinglar, “G2G”, “G2B” va “B2B” shaklidagi uchrashuvlar kabi 40 dan ortiq tadbirlar o‘tkaziladi.
Shuningdek, Forum ishtirokchilari mamlakatning yetakchi sanoat korxonalariga tashrif buyurib, O‘zbekiston iqtisodiyotining turli sohalardagi yutuqlarini o‘rganish imkoniyatiga ega bo‘ladilar. Bundan tashqari, chet ellik ishtirokchilar uchun Samarqand, Buxoro va Xiva tarixiy shaharlariga turistik sayohatlar tashkil etiladi. Mehmonlar O‘zbekistonning boy me'moriy merosi va madaniyati bilan tanishish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
Manba: O‘zbekiston Respublikasi investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi