O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Yashnobod texnoparki Eronning “Pardis” texnoparki bilan hamkorlik aloqalarini oʻrnatdi
2022-03-16 | Jamiyat
Eron Islom Respublikasiga ishchi safari bilan tashrif buyurgan Oʻzbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vaziri Ibrohim Abdurahmonov Tehron atrofida joylashgan “Pardis” texnoparki (texnologiyalar shahri) bilan tanishdi.
“Pardis” texnoparki 2022-yilda tashkil etilgan boʻlib, 110 gektar maydonda joylashgan boʻlib, yangi texnologiyalar yaratish uchun texnika sohasidagi dunyodagi soʻngi yutuqlarni tatbiq etish, ilmiy-tadqiqot markazlari tomonidan yaratilgan ishlanmalarni tijoratlashtirish, innovatsion mahsulotlar ishlab chiqarayotgan tadbirkorlik subyektlarini qoʻllab-quvvatlash, sanoatning yuqori texnologik sohalarini rivojlantirish kabi maqsadlarni oʻz oldiga qoʻygan.
Tashrif doirasida Oʻzbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi huzuridagi “Yashnobod” innovatsion texnoparki va Eron Islom Respublikasining “Pardis” texnoparki oʻrtasida hamkorlik memorandumi imzolandi. Imzolangan memorandum doirasida “Pardis” texnoparki tomonidan ishlab chiqariladigan asbob-uskuna va texnologiyalarning transferini amalga oshirish imkoniyati paydo boʻladi.
Bundan tashqari, “Pardis” texnoparkida faoliyat yuritayotgan inkubatsion markazlar va “Yashnobod” innovatsion texnoparki oʻrtasida “Biznes-inkubator” loyihasi amalga oshiriladi. Loyiha natijasida yoshlarimizning innovatsion tadbirkorlik boʻyicha bilim olishlari kutilmoqda, shuningdek bu Oʻzbekistonda startap loyihalarni rivojlantirishga koʻmak beradi.
“Pardis” texnoparki va “Yashnobod” innovatsion texnoparki oʻrtasida mahalliy tarmoq korxonalari ehtiyojlari asosida umumiy qiymati 2 mln. AQSH dollari miqdorida qoʻshma startap loyihalar tanlovini oʻtkazish va tanlov natijalariga koʻra muvaffaqiyatli amalga oshirilgan startaplar asosida yangi mahsulotlarning ishlab chiqarilishini kengaytirishga kelishib olindi.
Manba: O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish agentligi