O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Marokash shartnomasiga qo‘shilish ko‘zi ojizlar va ko‘rishda nuqsoni bo‘lganlar uchun kitoblar, jurnallar, o‘quv materiallaridan foydalanish imkoniyatlarini kengaytiradi
2022-03-11 | Iqtisodiyot
2022-yil 7-mart kuni Jenevada Jahon intellektual mulk tashkiloti (JIMT) bosh direktori Daren Tangga Ko‘zi ojiz, ko‘rishda nuqsoni bo‘lgan va bosma axborotni idrok etishda boshqa jihatdan qobiliyati cheklangan shaxslarning nashr etilgan asarlardan foydalanishini yengillashtirish to‘g‘risidagi Marokash shartnomasiga O‘zbekistonning qo‘shilishi to‘g‘risidagi ratifikatsiya yorlig‘ining asl nusxasi taqdim etildi.
Jenevadagi BMT va boshqa xalqaro tashkilotlar huzuridagi O‘zbekistonning Doimiy vakili ma’lumotiga ko‘ra, Marokash (Marokko) shartnomasi 2013-yil 27-iyunda qabul qilingan. Hujjat JIMT tomonidan amalga oshiriladigan xalqaro mualliflik shartnomalari tizimining bir qismidir.
Ushbu shartnoma aniq gumanitar va ijtimoiy jihatlarga ega. Uning asosiy maqsadi ko‘zi ojiz, ko‘rishda nuqsoni bo‘lgan va bosma axborotni idrok etishda boshqa jihatdan qobiliyati cheklangan shaxslar manfatlari uchun bosma ma’lumotlarni qabul qilishga bir qator majburiy cheklovlar va istisnolar o‘rnatishdir.
Daren Tang O‘zbekistonni Marokash shartnomasining to‘laqonli ishtirokchisiga aylangani bilan qutladi. «JIMK xalqaro sharnomasiga qo‘shilish O‘zbekistonga 60 ming nafar ko‘zi ojiz, ko‘rishda nuqsoni bo‘lgan va bosma axborotni idrok etishda boshqa jihatdan qobiliyati cheklangan shaxslarga Tashkilotning onlayn platformasida joylashtirilgan 730 mingdan ortiq ixtisoslashgan kitoblardan foydalanish imkoniyatini taqdim etadi», dedi Daren Tang.
Bundan tashqari, bu butun respublika aholisiga iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy hayotda ishtirok etish imkoniyatini taqdim etadi. Shuningdek, tashkilot ushbu shartnomani hayotga tadbiq etish bo‘yicha O‘zbekiston bilan yaqindan hamkorlik qilishga tayyorligi ham qayd etildi.
O‘zbekiston tomoni Marokash shartnomasiga qo‘shilish respublikaning ko‘zi ojiz, ko‘rishda nuqsoni bo‘lgan va boshqa jihatdan qobiliyati cheklangan shaxslar uchun adabiy, ilmiy va badiiy asarlarga kirish imkoniyatini kengaytirish bo‘yicha kuchlarni birlashtirish imkoniyatini taqdim etishini ta’kidladi.
Shuningdek, Marokash shartnomasi O‘zbekistonda ko‘zi ojizlarning yangi qirralarini rivojlantirish va ularning salohiyatlarini to‘liq ochib berish uchun inklyuziv asos yaratishiga hamda boshqa mamlakatlardagi nogironlar uchun o‘zbekistonlik mualliflarning asarlari va mamlakatimiz madaniy merosiga kirishni osonlashtirishiga ishonch bildirildi.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston Prezidentining 2022-yil 12-yanvardagi «Xalqaro sharnomaga qo‘shilish to‘g‘risida»gi qarori bilan O‘zbekistoning Ko‘zi ojiz, ko‘rishda nuqsoni bo‘lgan va bosma axborotni idrok etishda boshqa jihatdan qobiliyati cheklangan shaxslarning nashr etilgan asarlardan foydalanishini yengillashtirish to‘g‘risidagi Marokash shartnomasiga (2013-yil 27-iyun, Marokash) qo‘shilishi tasdiqlangan edi.
Mamlakatimizning ushbu shartnomaga qo‘shilishi ko‘zi ojizlar va ko‘rishda nuqsoni bo‘lganlar uchun kitoblar, jurnallar, o‘quv materiallariga kirishni kengaytiradi, ularning jamiyatning madaniy va ijtimoiy hayotiga faol qo‘shilishini ta’minlaydi. Shuningdek, mavjud formatlarda yaratilgan asarlarning nusxalarining xalqaro almashuviga imkon beradi (Brayl, avdio kitoblar va boshqalar).
Manba: “Dunyo” axborot agentligi