O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Toshkentda Eronning ShHTga kirishi tartibi kelishib olindi
2022-03-11 | Siyosat
2022-yil 11-mart kuni Toshkent shahrida Shanxay hamkorlik tashkilotiga a’zo davlatlar va Eron Islom Respublikasi vakolatli vakillarining maslahatlashuvlari yakunlari bo‘yicha Protokolni imzolash marosimi bo‘lib o‘tdi. Hujjatda Eron tomonining ShHTga a’zo davlat maqomini olish bo‘yicha majburiyatlari to‘g‘risidagi Memorandum loyihasi ma’qullandi.
Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Vladimir Norov, ShHTning doimiy faoliyat yurituvchi tuzilmalari rahbarlari, a’zo davlatlarning milliy koordinatorlari, shuningdek, Xitoy va Eronning Toshkentdagi diplomatik vakolatxonalari rahbarlari hamda xodimlari ishtirok etdi.
Protokolning imzolanishi o‘tgan yili ShHTning Dushanbe sammitida sakkiz davlat rahbarlarining Eronni Tashkilotga a’zolikka qabul qilish tartibini boshlash to‘g‘risidagi qarorini ro‘yobga chiqarish yo‘lida muhim amaliy qadam bo‘ldi.
Hujjat Eron tomoni a’zo bo‘lganidan keyin ShHT Xartiyasi, xalqaro shartnomalar va Tashkilot doirasida qabul qilingan hujjatlarning maqsad va tamoyillariga rioya qilish, a’zo davlatlar bilan do‘stona va o‘zaro manfaatli hamkorlikni rivojlantirish hamda ShHTning xalqaro va mintaqaviy masalalardagi nufuzini oshirishga o‘z hissasini qo‘shishga tayyorligidan dalolat beradi.
Mazkur jarayonning navbatdagi bosqichi joriy yilning sentabr oyida Samarqandda bo‘lib o‘tadigan ShHT sammiti doirasida Majburiyatlar to‘g‘risidagi memorandumni imzolash va ushbu majburiyatlarni bajarish bo‘ladi. Shundan so‘ng tashkilotga a’zo davlatlar rahbarlari Eronga ShHTga a’zo davlat maqomini berish masalasini ko‘rib chiqadi. O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Vladimir Norov o‘z nutqida Eron 2005-yildan buyon kuzatuvchi davlat sifatida ShHT faoliyatida ishtirok etib kelayotganiga e’tibor qaratdi. Mamlakat mintaqaviy xavfsizlik masalalari bo‘yicha asosiy organlar yig‘ilishlarida va maslahatlashuvlarda muntazam ishtirok etadi. Xususan, Eron Islom Respublikasining vakolatli tuzilmalari ShHTning Mintaqaviy aksilterror tuzilmasi bilan amaliy aloqalarni o‘rnatgan va olib bormoqda.
“Eron kabi davlatning ShHTga kirishi Tashkilotning “geografik mas’uliyat” hududini kengaytiradi, mintaqaviy hamkorlikni rivojlantirish uchun yangi istiqbollarni ochadi. Tashkilotimiz Yevroosiyo makonida keng transkontinental hamkorlik sari ishonch bilan bormoqda. Bu, shubhasiz, mintaqaviy va global kun tartibidagi dolzarb masalalarga yangicha qarash imkonini beradi”, — dedi O‘zbekiston Tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari V.Norov. Marosimda videokonferensaloqa shaklida ishtirok etgan ShHT Bosh kotibi Chjan Ming ushbu tadbirni tashkil etgani uchun ShHTga raislik qilayotgan O‘zbekiston tomoniga, Eronni ShHTga a’zolikka qabul qilishga qaratilgan kelishuv hujjatlari bo‘yicha tizimli muvofiqlashtirilgan ishlar uchun barcha tomonlarga minnatdorlik bildirdi.
Maslahatlashuvlarda so‘zga chiqqan delegatsiyalar O‘zbekiston tomonining ShHTga raislik doirasidagi sa’y-harakatlarini, jumladan, Tashkilotning xalqaro roli va nufuzini yanada mustahkamlash yo‘lidagi ishlarini ijobiy ta’kidladilar.
Manba: O’zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi