O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

Yevropa Ittifoqi va O‘zbekiston 2021-2027 yillarga mo‘ljallangan hamkorlikni kengaytirish bo‘yicha yangi Ko‘p yillik indikativ dasturni ishga tushirdi

2022-03-11 | Iqtisodiyot

Toshkent shahrida Yevropa Ittifoqining O‘zbekiston uchun 2021-2027 yillarga mo‘ljallangan yangi Ko‘p yillik indikativ dasturini ishga tushirish bo‘yicha konferensiya bo‘lib o‘tdi.

Unda Bosh vazir o‘rinbosari - investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Sardor Umurzoqov hamda Yevropa Ittifoqining xalqaro hamkorlik bo‘yicha komissari Yutta Urpilaynen ishtirokchilarga qutlov so‘zi bilan murojaat qildi. Tadbirda, shuningdek, Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligining rahbariyati, Yevropa Ittifoqining Elchisi Sharlotta Adrian, O‘zbekistonning asosiy vazirlik va idoralari, xalqaro tashkilotlar hamda Yevropa Ittifoqi mamlakatlarining O‘zbekistondagi diplomatik vakolatxonalari rahbarlari ishtirok etdi.
 
S.Umurzoqov o‘z murojaatida O‘zbekistonning Yevropa Ittifoqiga a'zo davlatlar bilan uzoq muddatli, ko‘p qirrali va jadal rivojlanib borayotgan hamkorligini ta'kidlab, YeI tomonidan mamlakatimizda keng ko‘lamli tarkibiy islohotlar hamda ijtimoiy-iqtisodiy loyihalarni amalga oshirishda ko‘rsatilayotgan yordam uchun minnatdorlik bildirdi. Shuningdek, u Hukumatning qo‘shma tashabbus va dasturlarni ilgari surish va YeI mamlakatlari bilan o‘zaro manfaatli hamkorlikning yangi istiqbolli yo‘nalishlarini kashf etishga qaratilgan yaqin hamkorlikni jadallashtirishga sodiqligini bildirdi.
 
Tadbir davomida 2021-2027 yillarga mo‘ljallangan navbatdagi dastur doirasida Yevropa komissiyasi bilan ikki tomonlama moliyaviy-texnik hamkorlikni yanada kengaytirishning asosiy yo‘nalishlari muhokama qilindi. Yangi indikativ dastur doirasida dastlabki bosqichda 2021-2024 yillarga 83 mln. yevro, shu jumladan texnik yordam va byudjetni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha birgalikda ishlab chiqilgan loyihalar va dasturlar uchun 76 million yevro, shuningdek fuqarolik jamiyati va inson huquqlarini rivojlantirish bo‘yicha tadbirlarni qo‘llab-quvvatlash uchun 7 million yevro ajratilishi ma'lum qilindi. Dasturning ustuvor yo‘nalishlari O‘zbekistonning 2022-2026 yillarga mo‘ljallangan taraqqiyot strategiyasida belgilangan asosiy vazifalarga to‘liq mos kelishi ta'kidlandi.
 
Muhokama chog‘ida tomonlar qishloq xo‘jaligi va "yashil" o‘sishni qo‘llab-quvvatlash, yer va suv resurslarini boshqarish tizimini takomillashtirish, innovasiyalarni joriy qilish, davlat boshqaruvi, shu jumladan, sud, transport va logistika tizimlari samaradorligini oshirish va raqamlashtirish, investitsiyaviy muhitni yaxshilash, shuningdek Orolbo‘yi mintaqasini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish sohalaridagi loyihalar va tadbirlarni amalga oshirishning muhim jihatlarini atroflicha ko‘rib chiqdilar.
 
Tadbir doirasida tomonlar ishtirokchilarni qiziqtirgan hamkorlik dasturining amaliy ijrosi bilan bog‘liq savollariga javob berdilar hamda ushbu yo‘nalishdagi birinchi darajali vazifalar haqida so‘z yuritdilar.

Manba: O‘zbekiston Respublikasi investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi

Поделиться