“Sog‘liqni saqlash sohasini rivojlantirish” strategiyasini ishlab chiqish doirasida Jahon banki ekspertlari bilan uchrashuv
“Sog‘liqni saqlash sohasini rivojlantirish” strategiyasini ishlab chiqish bo‘yicha yaqindan yordam berish maqsadida O‘zbekiston Respublikasiga tashrif buyurgan Jaxon bankining bir qator ekspertlari, jumladan sog‘liqni saqlash tizimini moliyalashtirish bo‘yicha konsul'tanti janob Okore Okorafor bilan O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligida vazirlikning Sog‘liqni saqlash va sport sohalarida byudjet siyosati departamenti direktori Otabek Fazilkarimov o‘rtasida uchrashuv o‘tkazildi.
Uchrashuv davomida:
- sog‘liqni saqlash tizimini boshqarish va rejalashtirish bo‘yicha strategik maqsadlarni belgilash;
- sog‘liqni saqlashning barcha bo‘g‘inlarini bir biri bilan samarali integratsiyasini ta'minlash maqsadida ularni tuzilmaviy va funksional isloh qilish;
- sog‘liqni saqlash xodimlariga ish haqi va rag‘batlantirish to‘lovlarini ular tomonidan bajarayotgan ish hajmi, tibbiy xizmatlar murakkabligi va egallagan kasb-malakasi hamda ularning faoliyatiga jamoatchilik tomonidan berilgan baholarga qarab differensiallashgan haq to‘lash tizimini joriy qilish;
- sog‘liqni saqlash tizimini bosqichma bosqich raqamlashtirish, tibbiyot muassasalarida zamonaviy boshqaruv tizimlarini joriy etish hamda tibbiyot sohasida xususiy sektorni rivojlantirish;
- sog‘liqni saqlashni moliyalashtirish sohasida amalga oshirilayotgan so‘ngi islohotlar to‘g‘risida o‘zaro fikrlar almashildi.
Uchrashuvda janob Okorafor xorijiy mamlakatlarda sog‘liqni saqlashni moliyalashtirish sohasida amalga oshirilayotgan so‘ngi islohotlar, Sog‘liqni saqlash tizimini rivojlantirish strategiyasi shuningdek, ushbu sohani takomillashtirishning ustuvor maqsadlari haqida so‘zlab berdi.
Mehmonlarga O‘zbekistonda Sog‘liqni saqlash tizimini moliyalashtirish sohasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida ma'lumot berildi, jumladan, Sirdaryo viloyatida sog‘liqni saqlash tizimini tashkil etishning yangi modeli va davlat tibbiy sug‘urtasi mexanizmlarini joriy etish bo‘yicha tajriba-sinov loyihasi doirasida amalga oshirilayotgan ishlar to‘g‘risida to‘xtalib o‘tildi.
Janob Okorafor amalga oshirilayotgan ishlar bilan yaqindan tanishish uchun Sirdaryo viloyatiga tashrif buyurdi.
Tomonlar o‘zaro tajriba almashishni yanada kengaytirish, o‘zaro tashriflar tashkil eitish, samarali hamkorlikni chuqurlashtirish masalalarini muhokama qildilar.
Manba: O‘zbеkistоn Rеspublikаsi Mоliya vаzirligi