O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Olimalar uchun Scopus jurnallariga ilmiy maqolalarni tayyorlash bo'yicha trening o'tkazildi
2022-03-09 | Innovatsiya
Innovatsion rivojlantirish vazirligi, O'zbekistondagi BMTTD va ERGO Analytics kompaniyasi tomonidan yo'lga qo'yilgan HIVE – O'zbekiston olimalarining ilmiy ko'nikmalarini oshirish laboratoriyasi qo'shma loyihasi doirasida Scopus jurnaliga ilmiy maqolalarni tayyorlash bo'yicha trening o'tkazdi.
Ushbu loyihaning maqsadi O'zbekiston ilm-fani va barqaror iqtisodiy rivojlanishidagi ayollar roli va hissasini kuchaytirishdan iborat. HIVE loyihasida butun O'zbekiston hududidan 2000 dan ziyod olimalar, OTM o'qituvchilari va doktorantlar ro'yxatdan o'tgan.
Tadbirda O'zbekistonning barcha chekkalaridan 100 dan ziyod olimalar, OTM o'qituvchilari va aspirantlar qatnashdilar. Trening doirasida Scopus bazasidagi ilmiy jurnallarda chop etish uchun sifatli ilmiy tadqiqotlarni tayyorlashning ilmiy adabiyot sharhi, ma'lumotlar bilan ishlash va ilmiy maqolalarni tartiblash kabi asosiy jihatlariga e'tibor qaratildi.
Turli jurnallar misolida O'zbekiston iqtisodiyotining rivojlanishi istiqbollari va amalga oshirilayotgan ijtimoiy-iqtisodiy islohotlar fonidagi dolzarb bilimlardagi yangi bo'shliqlarni izlash imkoniyatlari o'rganildi.
Tadbirda quyidagilar so'zga chiqdilar:
- Doktor Sedigex (Naxid) Shakib, ingliz tilini o'qitish va o'rganish sohasidagi tadqiqotchi. Hozirda u AKFA universitetida dotsent bo'lib ishlaydi. Uning tadqiqotchilik qiziqishlari korpusli lingvistikani, tanqidiy tafakkurni, pedagogik ta'lim va fanlararo tadqiqotni qamrab oladi. U retsenziyalanuvchi jurnallardagi 30 dan ziyod maqolalarning muallifi va hammuallifi sifatida ko'p chop etilgan.
- ERGO kompaniyasining katta tahlilchisi Arletta Isaeva. Arletta Scopus ma'lumotlar bazasida eng ko'p chop etiladigan o'zbekistonlik yosh olimlardan biridir. Uning tadqiqotlari barqaror rivojlanish va turmush sifatiga bag'ishlangan.
Tadbirni ochar ekan, AKFA universiteti rektori Behzod Jalolov bugungi kunda O'zbekiston oldida ilm-fanni rag'batlantirish va mamlakat OTMlarining global akademik maydondagi rolini kuchaytirish hisobiga inson kapitali sifatini oshirishdek dolzarb vazifa turganligini qayd etdi. Universitetlar bilimlarning milliy iqtisodiyotning iqtisodiy o'sishi omiliga aylanishi uchun platforma bo'lishlari kerak. Universitetning kelajakdagi maqsadi The World University Rankings dunyoning eng yaxshi universitetlari reytingiga kirish va Markaziy Osiyodagi ilmiy xabga aylanishdir.
Treningda qatnashganlarning barchasi ishtirokchi sertifikatiga ega bo'ldilar va HIVE platftormasi treninglari hamda seminarlarida kelgusida ham qatnashish uchun taklif etildi.
Manba: O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish agentligi