O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
O‘zbekiston va Turkiya o‘rtasida diplomatik munosabatlar o‘rnatilganiga 30 yil to‘ldi
2022-03-04 | Siyosat
2022-yil 4-mart kuni O‘zbekiston Respublikasi va Turkiya Respublikasi o‘rtasida diplomatik munosabatlar o‘rnatilganiga 30 yil to‘ldi.
Mazkur voqea munosabati bilan ikki davlat tashqi siyosat idoralari rahbarlari Abdulaziz Kamilov va Mevlyut Chavusho‘g‘lu o‘zaro tabrik almashdilar.
Abdulaziz Kamilovning maktubida so‘nggi yillarda O‘zbekiston va Turkiya o‘rtasidagi strategik sheriklik sezilarli darajada faollashgani qayd etilgan.
“Ishonchim komilki, birgalikdagi sa’y-harakatlarimiz bilan do‘stlik rishtalari kelgusida ham izchil va samarali rivojlanishda davom etadi, – deb yozadi O‘zbekiston TIV rahbari.
O‘z navbatida, Mevlyut Chavusho‘g‘lu boy tabiiy resurslar va inson kapitali, chuqur davlatchilik tajribasi va madaniy merosga ega O‘zbekiston so‘nggi yillarda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishning yuqori sur’atlarini namoyish etayotganini ta’kidlagan.
“O‘zbekiston mintaqadagi barqarorlik va farovonlik borasida yo‘l ko‘rsatuvchi va ilhom manbaidir. Turkiya porloq kelajak sari qat’iy qadamlarida O‘zbekiston bilan birdamlikda bo‘lishda davom etadi”, – deyiladi Turkiya Tashqi ishlar vaziri maktubida.
Manba: O’zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi