O‘zbekiston va Pokiston hukumatlararo darajadagi hamkorlikni yanada rivojlantirish masalalarini muhokama qildi
Islomobod shahrida O‘zbekiston Respublikasi bilan Pokiston Islom Respublikasi o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy, ilmiy-texnikaviy hamkorlik bo‘yicha Hukumatlararo komissiyasi (HK)ning 7-yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Yig‘ilishga O‘zbekiston tomonidan Bosh vazir o‘rinbosari - investitsiyalar va tashqi savdo vaziri S.Umurzoqov, Pokiston tomonidan Bosh vazirning savdo va investitsiyalar bo‘yicha maslahatchisi Abdul Razzoq Dovud hamraislik qildi.
Yig‘ilish kun tartibiga savdo-iqtisodiy, investitsiyalar, transport va logistika sohasidagi hamkorlik, oziq-ovqat xavfsizligi, ta'lim, innovasiyalar, ilm-fan, axborot texnologiyalari, turizm va hududlararo aloqalar yo‘nalishidagi munosabatlar kabi keng ko‘lamli masalalar kiritildi.
Tadbir o‘zaro hamkorlikning turli yo‘nalishlarida mavjud masalalarni har tomonlama muhokama qilish uchun o‘ziga xos maydon vazifasini bajarib, o‘zaro manfaatli sheriklikni kengaytirishning istiqbolli yo‘nalishlarini aniqlash hamda ularning har biri bo‘yicha amaliy hamkorlikni yo‘lga qo‘yish borasida keyingi qadamlarni belgilash imkonini berdi.
Tomonlar ikki mamlakat o‘rtasida Imtiyozli savdo to‘g‘risidagi bitim yuzasidan kelishish jarayoni muvaffaqiyatli yakunlanganini mamnuniyat bilan qayd etdilar. Hujjat imzolanganidan keyin uni amalga oshirish uchun qo‘shma “Yo‘l xaritasi”ni ishlab chiqish bo‘yicha yakdil fikrga kelindi. Shuningdek, yaqin kelajakda O‘zbekiston-Pokiston tovar ayirboshlash hajmini 1 milliard dollarga yetkazish maqsadida o‘zaro savdoning mavjud salohiyatidan foydalanish bo‘yicha faol ish olib borishga kelishildi.
Ikki mamlakat tadbirkorlari o‘rtasida sanoat kooperatsiyasini chuqurlashtirish chora-tadbirlari ko‘rib chiqildi. O‘zbekiston va Pokiston o‘rtasida 2022-yilga mo‘ljallangan sanoat kooperatsiyasi dasturini birgalikda ishlab chiqishga o‘zaro tayyorlik bildirildi. Unga qishloq xo‘jaligi, qishloq xo‘jaligi mashinasozligi, yengil, farmasevtika va elektrotexnika sanoati, qurilish materiallari ishlab chiqarish kabi sohalarda aniq loyihalar, shuningdek, ushbu loyihalarning tashabbuskorlari va amalga oshirish muddatlari haqida ma'lumotlar kiritiladi. Shu maqsadda O‘zbekiston Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi bilan Pokiston Savdo vazirligi o‘rtasida qo‘shma loyiha ofisini tashkil qilish taklif etildi. Shuningdek, tomonlar turli sohalardagi yutuqlarni namoyish etish va qo‘shma loyihalarni amalga oshirishga ikki mamlakat tadbirkorlarini jalb qilish maqsadida O‘zbekiston va Pokistonda muntazam ravishda sanoat tarmoq ko‘rgazmalarini o‘tkazish amaliyotini yo‘lga qo‘yishga kelishib oldilar.
Transport va tranzit sohasidagi hamkorlikni rivojlantirishga ham ustuvor ahamiyat berildi. “Termiz – Mozori-Sharif - Kobul – Peshavor” trans–afg‘on temir yo‘lini qurish loyihasini amalga oshirishni jadallashtirish, to‘g‘ridan – to‘g‘ri aviaqatnovlarni yo‘lga qo‘yish hamda qo‘shma infratuzilmaviy loyihalarni hayotga tatbiq etish bo‘yicha navbatdagi tadbirlar ishlab chiqildi. Belgilangan vazifalarni hal qilishda tizimli yondashuvni amalga oshirish uchun HK doirasida transport va logistika bo‘yicha alohida kichik komissiya tuzishga qaror qilindi.
Oziq-ovqat xavfsizligi sohasidagi hamkorlikka alohida e'tibor qaratildi. Jumladan, tomonlar ushbu sohadagi mavjud shartnomalarni amalga oshirishni jadallashtirish bo‘yicha yechimlar ishlab chiqdilar, shuningdek yaqin kelajakda alohida hamkorlik dasturini shakllantirishga kelishib oldilar.
Shuningdek, tadbir doirasida ikki mamlakatning oliy o‘quv yurtlari, texnoparklar, ilmiy markazlari, ilmiy-tadqiqot laboratoriyalari va biznes-inkubatorlari o‘rtasida aloqalarni o‘rnatish, ikki tomonlama turizmni rivojlantirish hamda hududiy o‘sish, raqamli iqtisodiyot, arxitektura, urbanizasiya va infratuzilmaviy rivojlanish sohalarida tajriba almashishni nazarda tutgan holda hududlararo hamkorlik masalalari ko‘rib chiqildi.
Yig‘ilish yakunida tadbirda erishilgan barcha kelishuvlarni aks ettiruvchi tegishli bayonnoma imzolandi.
Manba: O‘zbekiston Respublikasi investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi