Bugun Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligida mahallalar faoliyatini rivojlantirish, hududlarda “mahallabay” ishlarni yangi bosqichga olib chiqish, aholi muammolari bilan manzilli va natijali ishlash, mahallani aholi muammolari bilan ishlashga asosiy mas'ul xalqchil tuzilmaga aylantirish masalalariga bag‘ishlangan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.
Yig‘ilishda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisi o‘rinbosari Qahramon Quranboev ishtirok etib, so‘nggi yillarda Davlatimiz Rahbari tashabbusi bilan aholi muammolari bilan ishlash, mahallalar infratuzilmasini yanada yaxshilash, aholiga munosib turmush sharoitlarini yaratish, fuqarolarning murojaatlarini joyida o‘rganish va hal etish borasida muhim amaliyot joriy etilganligini alohida e'tirof etdi.
Shuningdek, kuni kecha Muhtaram Prezidentimiz boshchiligida o‘tkazilgan xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash tizimi hamda ularning jamiyatdagi mavqeini yanada mustahkamlash masalalariga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishida ayni yo‘nalishlarga doir muhim fikrlar o‘rtaga tashlanganligini aytib o‘tdi.
Yig‘ilishda Prezidentning fuqarolar huquqlarini himoya qilish va murojaatlar bilan ishlash masalalari bo‘yicha maslahatchisi Tursinxan Aydarovich Xudaybergenovga O‘zbekiston Respublikasi Mahalla va nuroniylarni qo‘llab-quvvatlash vaziri vazifasini bajarish yuklatilganligi to‘g‘risidagi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining tegishli Farmoni o‘qib eshittirildi hamda T.Xudaybergenov vazirlik jamoasiga tanishtirildi.
Shuningdek, Oliy Majlis Senatining doimiy a'zoligiga qabul qilingan Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirining birinchi o‘rinbosari Gulnora Marufovani kuzatuv marosimi bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda Prezidentning fuqarolar huquqlarini himoya qilish va murojaatlar bilan ishlash masalalari bo‘yicha maslahatchisining birinchi o‘rinbosari Ulug‘bek Muhammadiyev, maslahatchi o‘rinbosari Alisher Usmonov, Favqulodda vaziyatlar vaziri Abdulla Qo‘ldoshevlar ishtirok etdi.
Yig‘ilishda so‘z olgan Mahalla va nuroniylarni qo‘llab-quvvatlash vaziri T.Xudaybergenov mahallalarda amalga oshiriladigan idoralararo hamkorlikni yangi sifat bosqichiga olib chiqish, istiqboldagi muhim vazifalar, jamoa bilan birgalikda Davlat Rahbari tomonidan bildirilgan yuksak ishonchni oqlash bo‘yicha o‘z fikr-mulohazalarini bayon etib o‘tdi.
Manba: O‘zbekiston Respublikasi mahalla va nuroniylarni qo‘llab-quvvatlash vazirligi