O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Innovatsion rivojlanish vaziri Arizona universiteti vakillarini qabul qildi
2022-03-02 | Innovatsiya
Innovatsion rivojlanish vaziri Ibrohim Abdurahmonov AQShning Arizona davlat universiteti vakillarini qabul qildi.
Uchrashuvda O'zbekistondagi imkoniyatlar va amalga oshirilayotgan islohotlar, xususan oliy ta'lim qamrovining kengayishi yuzasidan alohida to'xtalib o'tildi. Mehmonlar Arizona davlat universitetining taqdimotini o'tkazdilar.
Tomonlar O'zbekistonda «Kelajak universiteti» (University of Future) tashkil etish masalasini muhokama qildilar. Ushbu universitet Innovatsion rivojlanish vazirligi qoshida ochilishi mumkin bo'lib, muhandislik va texnologiyalar, biznes va boshqaruv, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari, sog'liqni saqlash, ijtimoiy-gumanitar fanlar, arxitektura va dizayn kabi yo'nalishlar bo'yicha bakalavr, magistratura, doktoranturani qamrab olishi ko'zda tutilgan.
Ta'lim ingliz va o'zbek tillarida olib borilishi, Buxoro va Samarqand shaharlarida innovatsion kampuslarning tashkil etilishi imkoniyatlari haqida gapirilib, «Kelajak universiteti»ning eng asosiy afzalligi — sifatli, innovatsiyalarga asoslangan va yuqori maoshli ishlab chiqarish bilan bog'lanishi hamda bu orqali talabalar uchun zarur ish o'rinlari yaratilishi ta'kidlandi.
Suhbat so'ngida tomonlar hamkorlikni yo'lga qo'yish uchun kelgusida amalga oshiriladigan ishlar yuzasidan kelishib oldilar.
Manba: O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish agentligi